Srechko Katanets: “Futbolda “men” yo‘q, “biz” bor
Bugun O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasida O‘zbekiston futbol terma jamoasiga bosh murabbiy sifatida tayinlangan Srechko Katanes ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.


58 yoshli sloveniyalik mutaxassisni ishqibozlar ham futbolchi, ham murabbiy sifatida taniydi. U Germaniyaning “Shtutgart” klubi safida Yevropa chempionlar ligasi finalchisi hisoblanadi. Bundan tashqari, Italiyaning “Sampdoriya” jamoasi bilan Italiya chempionligi bilan bir qatorda Italiya kubogi va superkubogi sohibi bo‘lgan.
Murabbiylik faoliyatida esa dastlab “Goritsa” va “Olimpiakos” klublarida ishlagan. Shuningdek, Makedoniya, Birlashgan Arab Amirliklari, Sloveniya, Iroq terma jamoalarini boshqargan. U slovenlarni Yevropa va jahon chempionatiga olib chiqdi. Iroq jamoasi bilan jahon chempionatining so‘nggi saralashigacha yetib bordi. Lekin murabbiyga besh oygacha maosh to‘lab berilmagani sababli uni tark etdi.
Terma jamoamiz sobiq bosh murabbiyi Vadim Abramov jahon chempionati saralash bahslarida muvaffaqiyatsiz ishtirok etganidan so‘ng lavozimidan ozod qilindi. O‘tgan vaqt davomida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi o‘ttizga yaqin xorijlik va mahalliy murabbiylar nomzodini ko‘rib chiqdi. Murabbiylar kengashi, ekspertlar tahlili va tavsiyalariga ko‘ra O‘zbekiston futbol terma jamoasiga sloveniyalik mutaxassis bosh murabbiy etib tayinlandi.
Matbuot anjumanida maʼlum bo‘lishicha, sloveniyalik murabbiy bilan 5 yillik shartnoma imzolangan. Shuningdek, unga yordamchi sifatida beshta xorijlik murabbiy jalb etildi.
— O‘zbek futbolchilari texnik jihatdan juda yaxshi o‘ynay oladi, ammo biz taktik o‘yinni shakllantirishimiz kerak, — dedi u. — Jamoada “men” degan so‘z yo‘q, faqat “biz” bo‘lishi kerak. Shundagina o‘yinimizda o‘zgarish bo‘ladi. O‘zbekiston termasining deyarli barcha pozitsiyalarda chet elda to‘p suruvchi futbolchilari bor. Lekin biz shoshmasdan, barcha o‘yinchilarni kuzatishimiz kerak. Buning uchun esa biroz vaqt kerak bo‘ladi.
Anjumanda murabbiy futbolda “tanish-bilishchilik”ka yo‘l qo‘ymasligini va o‘zbek futboli uchun ommaviy axborot vositalari bilan ishlashga doim tayyorligini aytdi.
Bizga maʼlum bo‘lishicha, O‘zbekiston milliy terma jamoasi Toshkentda ertadan o‘z yig‘inini boshlaydi. Yig‘in davomida Shvetsiya terma jamoasi bilan o‘rtoqlik o‘yinini o‘tkazadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Srechko Katanets O‘zbekiston milliy jamoasiga bosh murabbiy etib tayinlangani haqida xabar bergan edik.
Jamshid Amirov







