Chempion sportchilarning ota-onalari «Mehnat faxriysi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi
Respublika “Nuroniy” jamg‘armasi tashabbusi bilan Turizm va sport vazirligi hamda Milliy olimpiya qo‘mitasi hamkorligida O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi arafasida Olimpiya, Paralimpiya, Osiyo, ParaOsiyo va Jahon chempionatlarining g‘olib va sovrindorlari bo‘lgan bir guruh sportchilarning ota-onalari, qolaversa faxriy sportchilarni birinchi darajali oltin «Mehnat faxriysi» ko‘krak nishoni hamda pul mukofotlari bilan taqdirlashga qaror qildi.


Shu munosabat bilan tashkil etilgan tantanali taqdirlash marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – turizm va sport vaziri A.Abduxakimov, “Nuroniy” jamg‘armasi raisi, O‘zbekiston qahramoni, senator S.Turdiyev, “Nuroniy” jamg‘armasi raisi o‘rinbosarlari Sh.Ubaydullayev, Shuhrat Usmonov va boshqalar ishtirok etdi. Bu haqda Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar nufuzli sport anjumanlarida jonajon yurtimiz bayrog‘ini yuqorilarga ko‘tarib kelayotgan sportchilarimizni voyaga yetkazgan ota-onalar mehnatini alohida eʼtirof etishdi hamda haqiqiy vatanparvar yoshlarni kamolga yetkazgan bunday jonkuyar yurtdoshlarimizga hurmat bajo keltirishdi.

So‘ngra Olimpiya, Paralimpiya, Osiyo, ParaOsiyo va Jahon chempionatlarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan bir guruh sportchilarimizning ota-onalariga birinchi darajali oltin «Mehnat faxriysi» ko‘krak nishoni hamda pul mukofotlari tantanali ravishda topshirildi.







