Para-suzuvchilarimiz finalga chiqdi
Tokio-2020 Paralimpiya o‘yinlarining navbatdagi kun bahslari boshlandi.

Erta tongda uch nafar para-suzuvchimiz final yo‘llanmasi uchun kurashdi.
Dastlab Firdavsbek Musabekov 100 metrga brass usulida suzish bahsida o‘z guruhida ikkinchi o‘rin bilan hal qiluvchi bosqichga yo‘l oldi. Shundan so‘ng Shohsanam Toshpo‘latova ham to‘rtinchi natija bilan final ishtirokchisiga aylandi. Afsuski, Nigora Mirzohidovadan omad yuz o‘girdi va u saralashda o‘z chiqishini to‘xtatdi.
Shu tariqa, Musabekov Toshkent vaqti bilan soat 15:02 da, Toshpo‘latova esa 15:08 da medallar uchun kurashda qatnashadigan bo‘ldi. Hamyurtlarimizga bo‘lajak bellashuvlarda omad tilab qolamiz!







