“Barselona”ning Ansu Fatidan umidi katta
Xabarlarga ko‘ra, kataloniyaliklar “Barselona” tarbiyalanuvchisi Ansu Fatini klub yetakchisiga aylantirmoqchi.


Shu bois ular futbolchiga yangi shartnoma tayyorlamoqda. Fatining o‘zi ham bu taklifga roziligini bildirgan.
18 yoshli yarim himoyachi jamoada 10-raqamda o‘ynaydi. Avvalroq, bu raqam argentinalik hujumchi Lionel Messiga tegishli edi. Messi “PSJ” klubiga o‘tganidan so‘ng Fati ushbu raqamni olgani maʼlum bo‘ldi.
Futbolchi 2019 yilda “Barselona”ning asosiy tarkibiga kirishga muvaffaq bo‘lgan. U o‘tgan mavsumda jamoa safida 7 ta o‘yinda ishtirok etdi va 4 ta gol urdi. O‘tgan mavsumda klub va futbolchi Ispaniya kubogi sohibiga aylangan. 2020 yil noyabr oyida yarim himoyachi tizzasidan qattiq jarohat oladi. Shundan so‘ng u shu yilning avgust oyida yana jamoa mashg‘ulotlariga qaytdi.
Maʼlumot o‘rnida: Ansu Fati 2020 yildan buyon Ispaniya futbol terma jamoasining o‘yinlarida muntazam qatnashib kelmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Lionel Messining “PSJ” safidagi debyut o‘yini Ispaniyada rekord darajada ko‘rilgani haqida xabar berilgandi.







