I MDH o‘yinlari: belbog‘li kurashchilarimiz 11 ta medal bilan umumjamoa hisobida birinchi bo‘lishdi
Joriy yil 4 sentyabr kuni Rossiya Federatsiyasining Qozon shahrida start berilgan I MDH o‘yinlari dasturidan belbog‘li kurash ham o‘rin olgan.


Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati rahbari Lola Rahmonboyeva Zamon.uz‘ga maʼlum qilishicha, nufuzli musobaqaning belbog‘li kurash bo‘yicha o‘tkazilgan bellashuvlarida jami 14 nafar sportchimiz g‘oliblik uchun bahs olib borishdi. Taʼkidlanishicha, yosh va umidli polvonlarimiz bosh murabbiy Usmon Mahamatov rahbarligida musobaqada har jihatdan munosib ishtirok etishdi.
Quvonarlisi, polvonlarimiz 5 sentyabr kungi bellashuvlarda 7 ta oltin, 3ta kumush va bitta bronza medalini qo‘lga kiritib, norasmiy umumjamoa hisobida faxrli 1-o‘rinni egallashdi.

I MDH o‘yinlarining belbog‘li kurash musobaqalarida o‘z vazn toifalarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan sportchilarimiz bilan tanishing:
Oltin medal sohiblari:
-52 kg: Farangiz Abdunabiyeva,
-66 kg: Maftunabonu Mahmudova,
-75 kg: Nusratbek Sultonboyev,
-90 kg: Oybekjon Muhammadov,
-57 kg: Kamronbek Ortiqov,
-68 kg: Oybek Sultonov,
-82 kg: Muhammadjon Rasulov,
Kumush medal:
-48 kg: Mohigul Ibragimova,
-58 kg: Biybigauxar Polatbayeva,
-76 kg: Zemfira Azatova,
Bronza medali:
+76 kg: Munisaxon Nosirova.

Shu tariqa belbog‘li kurashchilarimiz Qozon arenalarida mamlakatimiz bayrog‘ini baland ko‘tarilishiga erishdi. Vakillarimiz jami 11ta medal bilan umumjamoa hisobida birinchi bo‘lishdi. Rossiya terma jamoasi 4 ta oltin, bitta kumush va 6 ta bronza medali bilan ikkinchi, 2 ta oltin, 5 ta kumush va 3 ta bronza medaliga ega chiqqan Qozog‘iston terma jamoasi 3-o‘ringa sazovor bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, birinchi MDH davlatlari o‘yinlari 2020 yilda o‘tkazilishi kerak edi, ammo pandemiya sababli qolib ketgandi. Hozir ushbu o‘yinlarda 23 yoshgacha bo‘lgan 3 mingga yaqin sportchi qatnashishi kutilyapti.
Bundan avvalroq Qozon shahrida birinchi Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi o‘yinlari bo‘lib o‘tayotgani to‘g‘risida xabar berilgandi.







