Zarrux Adashev: “Amerikada tug‘ilgan qizim milliy urf-odatlarimizni o‘rgansin deyman.”
MMA va UFC kabi aralash jang sport turi bugungi kunda nafaqat ommalashdi, balki o‘ziga xos shouga aylanmoqda.

Bu sport turi mamlakatimizda ham keng yoyilyapti. Sportchilarimiz xalqaro musobaqalarda ishtirok etyapti.
UFC'da bugungi kunda 4 nafar sporchimiz ishtirok etayapti. Ulardan biri — Zarrux Adashev.
Zarrux Adashev 1992 yil 29 iyulda Samarqand shahrida tug‘ilgan. Glory Kikboxing va Bellator kabi musobaqalarda faol ishtirok etadi.
—Bugungi kunda xorijda istiqomat qilayapsiz. U yerga ketishingizga nima sabab bo‘ldi?
—2012 yil Grin-karta yutib olib AQSHga ko‘chib ketdim. Bir vaqtning o‘zida o‘sha yerda ishlab, kikboksing bilan ham shug‘ullandim. O‘z ustimda tinimsiz ishladim, mehnat qildim. Mehnatim samarasi o‘laroq havaskorlar o‘rtasida ikki karra jahon chempioni bo‘ldim. MMA bo‘yicha jahon chempionatida 2- o‘rinni oldim.
Shundan so‘ng kikboksing bo‘yicha professional janglarda iishtirok eta boshladim. 2017 yil O‘zbekistonga qaytib keldim, kikboksing bo‘yicha eng katta Glory Kikboxing pramoshinda ringga chiqdim va unda yutdim. So‘ng Bellatorda 3 ta jang o‘tkazib, hammasida g‘olib bo‘ldim. Keyinchalik UFC bilan kontrakt tuzdim va u yerda ham 3 ta jang o‘tkazdim.
—Nima sababdan UFC'ni tanladingiz?
—Bu sport turini tanlashimdan maqsad MMA bo‘yicha UFC eng nufuzli pramoshin hisoblanadi. Ikkinchi o‘rinda Bellator turadi.O‘ylab ko‘rsam Bellatorning kelajagi yo‘q ekan. Qolaversa, meni og‘irligimga mos titul topilmadi. Shu sabab UFC'ni tanlaganman. UFCga men bolalikdan qiziqaman, 5 yoshimdan mashq qilishni boshlaganman.
—Raqibingiz Rayan Benoit belgilangan vaznni bajara olmaganligi tufayli UFC'dagi jang bekor qilindi. Bunga qanday munosabat bildirasiz?
—Ha, jangim bekor qilindi, u belgilangan vaznni bajara olmadi, ammo men u bilan har qanday vaznda kurashishga tayyorman. Shifokorlar unga qarshi jang qilishimga ruxsat berishmadi. Uning tezroq sog‘ayib ketishini so‘rayman. Men bu jangga astoydil tayyorgarlik ko‘rdim, yuqori sport formasida edim, lekin bu hozircha nasib qilmay turibdi.
—Yurtimizga kelishingizdan maqsad nima, jang o‘tkazmoqchimisiz?
—Kelishimdan asosiy maqsad ota-onam, singlim, qarindosh, yor-brodarlarni ko‘rish. Qolaversa, yurt sog‘inchi. Uylandim, qizlik bo‘ldim, farzandimni yaqinlarimga ko‘rsatish uchun ham olib keldim. Milliy urf-odatlarimizdan xabardor bo‘lsin, o‘rgansin, deyman.
—O‘ng qo‘lingizdan olgan jarohatingiz tufayli yaqin orada jang qilolmas ekansiz, shu rostmi?
—Bu qo‘lim avval ham aynan shu yeridan 4 marotaba singan. Lekin operatsiya qildirmagan edim. UFC' jangimning birinchi raundida qayta sindi. Ammo jangni to‘xtatmadim. jarohat bilan bo‘lsa-da davom ettirdim. Operatsiya qildirdim. Shifokorlar 3 oygacha jang qilmasligimni tavsiya qildi. Ammo men mashg‘ulotlarni to‘xtatib qo‘ymadim. Mashg‘ulotlarim doimgidek davom etyapti.
—Kelgusidagi rejalaringiz?
—Rejalarim katta. Xorijda malaka oshirib, tajribam va bilimimni O‘zbekistondagi yoshlarga o‘rgatish niyatim bor. Sport hayotimning bir bo‘lagiga aylangan. Kelajakda katta janglarda qatnashish, yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘tarish — yagona orzuim va maqsadim.
Munojat Valiyeva suhbatlashdi.







