MDH o‘yinlarining ilk sovrindorlari tantanali kutib olindi
Qozon shahrida davom etayotgan I MDH o‘yinlarida 20 ta medallar jamlanmasini qo‘lga kiritgan bokschilarimiz va 11 ta sovringa musharraf bo‘lgan belbog‘li kurash bo‘yicha O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi aʼzolari kecha tunda O‘zbekistonga qaytib keldi.


Mamlakatimiz belbog‘li kurashchilari Qozonda o‘tkazilgan o‘yinlarda 4 ta oltin, 1 ta kumush va 6 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, jamoalar o‘rtasida 2-o‘rin sohibi bo‘ldi.
Yurtimiz bokschi qizlari esa 11 ta (3 ta oltin, 6 ta kumush va 2 ta bronza), o‘g‘il bolalar 9 ta (4 ta oltin, 3 ta kumush va 2 ta bronza) medalga sazovor bo‘lib, umumjamoa o‘rtasida 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Sportchilarimiz poytaxtimizdagi Islom Karimov nomidagi xalqaro aeroportda O‘zbekiston belbog‘li kurash va boks federatsiyalari vakillari, ota-onalar va keng jamoatchilik ishtirokida tantanali kutib olindi.
Avvalroq I MDH o‘yinlarida belbog‘li kurashchilarimiz 11 ta medal bilan umumjamoa hisobida birinchi bo‘lishgani haqida xabar berilgandi.







