8-qavatdan o‘zini tashlamoqchi bo‘lgan ayol bilan bog‘liq voqea ochiqlandi
Toshkent shahar IIB matbuot xizmati tomonidan voqea yuzasidan tayyorlangan reportajda aytilishicha, qiz sevgan yigiti bilan janjallashib qolgani sabab joniga qasd qilishga qaror qilgan.


Avvalroq, 15-sentabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Yakkasaroy tumanidagi to‘qqiz qavatli binoning sakkizinchi qavati yo‘lagi derazasidan nomaʼlum ayol o‘zini pastga tashlamoqchi bo‘lib turgani aks etgan fotosurat tarqalgani haqida xabar bergandik.
2021-yilning 13-sentabr. Yakkasaroy tumanidagi ko‘p qavatli uylardan birida yashovchi Viktor Kim odatdagidek ishga otlanayotgandi. Uy dahlizidan o‘tib borar ekan, yo‘lak oynasining 7-8 qavatidagi tashqi tarafda turgan notanish qizga ko‘zi tushadi. Guvoh voqeani shunday eslaydi:
“9:25 lar atrofida ishga ketish uchun ostona hatlab chiqarkanman, ko‘zim notanish qizga tushdi. Avvaliga kimdir derazalarni yuvishga qaror qilganga o‘xshaydi yoki alpinistlar ishlayapti shekilli, deb o‘yladim. Ammo yaxshilab qarasam u pushti kiyimda va ko‘zoynak taqqan. Alpinistlar esa bunday libosda bo‘lmaydi. Shundan so‘ng qizdan bu yerda nima qilyapsiz?, - deb so‘radim. U esa “sakramoqchiman” deb javob berdi. Qiz qo‘shnimiz emas, qayerdan kelib qolgani ham tushunarsiz. Pastga tushib Ichki ishlarga qo‘ng‘iroq qildik. 6-7 daqiqa ichida hamma shu yerda bo‘ldi” .
Ichki ishlar organlari va favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari voqea joyiga zudlik bilan yetib kelishdi. Hamda notanish ayolni qutqarish choralari ko‘rila boshlandi.
Viktorning aytishicha, ayol bir necha daqiqa ichida qutqarilgan. “Bunday vaziyatlarda muzokara olib borish qiyin ish, balki xodimlar uchun bir asr o‘tgandekdir. Har xolda inson hayotini saqlash qolish uchun kurashish oson ish emas”.
Psixologlarning so‘zlariga ko‘ra, suitsidga qo‘l urish bu “meni qutqar” degani. Bunday qarorga kelgan kishilar insonlar ijtimoiylashuvidan chekkaga chiqib qolishganini anglatadi.
Muqaddas Fayozova
(Toshkent shahar IIB matbuot xizmati bilan hamkorlikda tayyorlandi)







