Qamoqxonadan bundan 30 yil oldin qochgan mahbus politsiyaga kelib taslim bo‘ldi
Bundan taxminan 30 yil oldin Avstaraliyaning Yangi Janubiy Uels shtatidagi qamoqxonadan qochgan Darko Desich ismli erkak politsiyaga taslim bo‘ldi. U koronavirus pandemiyasi tufayli uyidan mahrum bo‘lgach qamoqxonaga qaytishga qaror qilgan. Bu haqda “ABC” xabar bermoqda.

90-yillarda Darko Desic uch yarim yillik qamoq jazosiga hukm qilingan edi. U marixuana o‘stirgani uchun hibsga olingan. Biroq u 13 oy panjara ortida o‘tirgandan so‘ng, 1992 yil 1 avgustga o‘tar kechasi qamoqxonadan qochib ketdi. Bu ishni u bir o‘zi bolt kesuvchi va boshqa asboblar yordamida amalga oshirgan.
Politsiya uni shu vaqtga qadar qidirgan. Baʼzi manbalarga ko‘ra, u Sidneyning shimoliy plyajiga qochib ketgan va u yerda qurilishda yollanma ishchi bo‘lib ishlagan.
Desich Avalondagi ijara uyda yashagan, lekin pandemiya tufayli ishini yo‘qotib, uyni tark etishga majbur bo‘lgan. 64 yoshli erkak boshpana topa olmagach politsiyaga taslim bo‘lishga qaror qilgan.
Nasiba To‘xtayeva







