Yevropa Parlamenti Afg‘onistondan odamlarni evakuatsiya qilish borasida rezolyutsiya qabul qildi
Yevropa Parlamenti Afg‘onistondan odamlarni muvofiqlashtirilgan holatda evakuatsiya qilishga chaqirdi. Parlament deputatlari Strasburgda bu borada rezolyutsiya qabul qildi.


Ularning fikricha, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochoqlar bo‘yicha Oliy Komissarligi idorasi muhtojlarga xavfsiz yo‘laklar yaratish, shuningdek, Kobul aeroporti va chegaradan o‘tish joylarini ochishda bosh-qosh bo‘lishi kerak.
Yevropa Ittifoqi nochor ahvolda qolgan va Afg‘onistondan ketmoqchi bo‘lgan ayollarga ko‘proq yordam berishi kerak. Yevropa Parlamenti mamlakatni boshqarayotgan “Tolibon” harakatidan ketishni istayotgan fuqarolar uchun ruxsat kutmoqda.
"Muhtoj fuqarolarga gumanitar yordam ko‘rsatish, chet el fuqarolari va mamlakatni tark etmoqchi bo‘lgan afg‘onlarni xavfsiz kuzatib borish uchun “Tolibon” bilan moddiy-texnik va tashkiliy masalalar bo‘yicha aloqalar zarur”, deyiladi rezolyutsiyada.
Shu bilan birga, deputatlar Yevropa Parlamenti Afg‘onistonning hozirgi hukumatini tan olmasligi kerakligi, Afg‘onistondagi vaziyatni hisobga olgan holda afg‘onlarning ilgari rad etilgan boshpana so‘rovlarini qayta ko‘rib chiqish lozimligi, qochqinlar har qanday holatda ham “Tolibon” bosib olgan mamlakatga qaytarilmasligini taʼkidladi.
Nasiba To‘xtayeva







