Kobulga raketa zarbalari dahshatli xato bo‘lgan — Pentagon rahbari
AQSH Afg‘onistonga bergan raketa zarbasi tinch aholi o‘limiga olib kelganini tan oldi. Bu haqda "Sputnik Afganistan" xabar bermoqda.


AQSH joriy yilning 29 avgust kuni Kobul aeroporti yaqinida dronlar orqali raketa zarbalari bergandi. Vashington o‘shanda zarbalar ISHID terrorchisiga berilganini iddao qilgan. Ammo 17 sentyabr kuni hujum oqibatida tinch aholi vakillari halok bo‘lganini tan oldi.
AQSH qurolli kuchlari markaziy qo‘mondonligi boshlig‘i Kennet Makkenzi hodisadan qattiq afsusda ekanini maʼlum qilgan. Shuningdek, barcha oqibatlar uchun javobgarlikni to‘liq zimmasiga olgan. Maʼlum bo‘lishicha, raketa zarbalari 10 fuqaro (ularning 7 nafari bolalar)ning umriga zomin bo‘lgan. Pentagon rahbari Lloyd Ostin buni “dahshatli xato” deb atadi.
26 avgust kuni Kobul aeroportidagi terakt ortidan Jozef Bayden AQSH harbiylariga terrorchilarga prezident ruxsatisiz ham zarba berishga ijozat berdi. Shundan keyin Pentagon Afg‘onistonning turli viloyatlarida ISHID marralariga raketa zarbalari bergan. 30 avgust kungi xujum ham dastlab terrorchilarga qarshi qaratilgani aytilgan. Ammo keyinchalik zarba oqibatida tinch aholi vakillari, shuningdek, AQSH gumanitar tashkilotining kobullik xodimi halok bo‘lgani aniqlandi.
Maʼlumot o‘rnida: 15 avgust kuni “Tolibon” harakati Kobulni egallagan. 31 avgustda AQSH Afg‘onistonni to‘liq tark etdi. Harakat tomonidan egallanmagan yagona hudud — Panjsher viloyati edi. Ammo 6 sentyabrda ushbu hudud ham “Tolibon” nazoratiga o‘tdi. Shundan keyin toliblar 7 sentyabr kuni mamlakatning yangi hukumati tuzilaganini eʼlon qildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Panjsher qarshilik kuchlari rahbari Ahmad Masʼud Vashingtonda lobbist yollagani xabar qilingan edi.
Jahongir Qo‘ziyev







