Sport

Kuchli beshlik: navbatdagi tur o‘yinlaridan so‘ng quyidagicha “manzara” kasb etdi

O‘tgan hafta oxirida Yevropaning top-5 chempionatida navbatdagi o‘yinlar bo‘lib o‘tdi. FIFA kunlaridan so‘ng o‘tkazilgan mazkur uchrashuvlarda qayd etilgan natijalar va turnir jadvalidagi holatni tahlil qilamiz.

Kuchli beshlik: navbatdagi tur o‘yinlaridan so‘ng quyidagicha “manzara” kasb etdi

 

 

 

Premyer-liga

 

Sentyabr oyi boshida FIFA kunlari doirasida qisqa muddatli tanaffusdan so‘ng 11-12 sentyabr kunlari Yevropaning kuchli besh chempionatida navbatdagi tur o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. Angliya Premyer-ligasida 4-tur o‘yinlari o‘tkazildi. Italiyaning “Yuventus” klubidan «Manchester Yunayted» safiga kelib qo‘shilgan Krishtianu Ronaldu klub tarkida o‘zining ikkinchi debyut o‘yinini o‘tkazdi. Ushbu bellashuvda “shaharliklar” o‘z uyida “Nyukasl” klubini qabul qildi. Manchesterliklarning to‘liq ustunligida o‘tgan bahs 4:1 hisobida yakunlandi. Unda «uyiga qaytgan» Ronaldu ikkita to‘p urishga erishdi va jamoasi g‘alabasiga munosib hissa qo‘shdi.

 

Manchester shahrining yana bir jamoasi «Manchester Citi» ham bu turda g‘alaba qozondi. Gvardiola murabbiyligidagi jamoa safarda “Lister”ni kichik hisobda mag‘lub etdi. Shu tariqa jamoa navbatdagi uch ochkoni o‘z hisobiga yozdirib qo‘ydi. Musobaqa peshqadamlari safida borayotgan “Liverpul” esa mazkur turda “Lids”ni yirik 3:0 hisobida mag‘lub etdi. Ushbu tur kutilmagan natijalari bilan muxlislar yodida qoldi. Sababi chempionat boshidan beri mag‘lubiyatga uchramay kelayotgan Londonning “Tottenxem” jamoasi «Kiristal Pelas»ga 3:0 hisobida yutqazib qo‘ydi. Mavsum boshidan buyon tanqid «yomg‘iri” ostida qolayotgan “Arsenal” klubi esa o‘zining dastlabki g‘alabasini qo‘lga kiritdi. Mikel Arteta boshqaruvida jamoa to‘rtinchi turda “Norvich” ustidan 1:0 hisobida g‘alabaga erishdi. Shu g‘alabadan keyin “Arsenal” musobaqa jadvalida so‘nggi o‘rinlardan yuqorilashga muvaffaq bo‘ldi.

 

Turnir jadvalida peshqadamlar guruhida borayotgan “Chelsi” esa uchinchi turda “Liverpul” bilan durang natijadan so‘ng to‘rtinchi tur o‘yinida «Aston Villa»ga hech qanday imkoniyat qoldirmadi. Mazkur bahsda yirik 3:0 hisobi qayd etildi. Chempionat peshqadamlaridan hisoblangan yana bir jamoa “Everton” ham bu turda g‘alaba qozondi. Liverpul shahri jamoasi “Bernli”ni 3:1 hisobda mag‘lub etdi. Shu tariqa klub ochkolari sonini 10 taga yetkazib oldi. Ushbu turda yagona durang natija “Sautgempton” – «Vest Xem» o‘yinida qayd etildi: hisob ochilmadi. Shuningdek Angliya chempionati to‘rtinchi turida “Uotford” “Vulverxempton”ga 0:2 hisobida imkoniyatni boy bergan bo‘lsa, “Brayton” safarda “Brenford”ni 0:1 hiobida mag‘lub etdi.

 

Premyer-liganing 4-turidan so‘ng turnir jadvali yuqori pog‘onalarida 10 ochko bilan «Manchester Yunayted», “Liverpul”, “Chelsi” va “Everton” jamoalari bormoqda. Turnir jadvalining so‘nggi o‘rnini mavsum boshidan beri umuman ochko jamg‘ara olmayotgan “Norvich” klubi egallab turibdi. Undan yuqori o‘rinlarda “Nyukasl” va “Bernli” jamoalari bormoqda. Chempionat to‘purarlar ruyxatini «Manchester Yunayted» hujumchisi Bruno Fernandesh va «Vest Xem» klubi aʼzosi Antonio boshqaryapti.

 

Angliya chempionati navbatdagi tur bellashuvlari 18-19 sentyabr kunlari bo‘lib o‘tadi.

 

La Liga

 

O‘tgan hafta Ispaniya La Ligasida ham navbatdagi bellashuvlar bo‘lib o‘tdi. Turni “Levante” – «Rayo Valekano» uchrashuvi ochib berdi. Chempionat turnir jadvalining o‘rta pog‘onasida borayotgan jamoalar ishtirokida o‘tgan mazkur bahs 1:1 hisobida durang natija bilan yakuniga yetdi. Birgina “Barselona” klubining “Sevilya”ga qarshi o‘yini qoldirilganini hisobga olmasak musobaqa favoritlari bu turda hech qanday yo‘qotishlarsiz g‘alaba qozondi. Xususan, «Real Madrid» “Selta”ni 5:2 hisobida yenggan bo‘lsa, Madridning yana bir jamoasi “Atletiko” safarda “Espanyol” ustidan 2:1 hisobida ustun keldi. Mavsum boshidan beri ishonchli o‘yin ko‘rsatayotgan “Valensiya” “Osasuna”ni yirik hisobda mag‘lub etdi.

 

Chempionatda yuqori o‘rinlar uchun kurashayotgan «Atletik B» ham mazkur turda ishonchli g‘alaba qozondi. Jamoa unda “Malorka”ni 2:0 hisobida yengdi va navbatdagi uch ochkoga ega bo‘ldi. Ayni shu hisob «Real Sosedad» – “Kadis” o‘yinida ham qayd etildi. Unda “Kadis” futbolchilari mag‘lubiyat alamini tortib ko‘rishga majbur bo‘ldi. Shuningdek, ushbu turda “Granada” – “Betis” o‘yini 1:2 hisobida yakunlandi. Turning so‘nggi o‘yinlaridan birida “Xetafe” klubi “Elche” ga kichik hisobda mag‘lub bo‘ldi. Ispaniya chempionatining bu turida “Barselona” – “Sevilya” o‘yini kabi “Vilereal” – “Alaves” bahsi ham boshqa sanaga qoldirildi.

 

La Liga to‘rtinchi turidan so‘ng «Real Madrid», “Valensiya” va “Atletiko” jamoalari 10 ochko bilan turnir jadvalida peshqadamlik qilmoqda. So‘nggi o‘rinlarni esa mavsum boshidan buyon bironta ham ochko jamg‘ara olmagan “Alaves” va “Xetafe” klublari bormoqda. Ulardan bir o‘rin yuqorini bir ochko bilan “Selta” jamoasi egallagan. To‘purarlar ruyxatini «Real Madrid» hujumchisi Karim Benzema beshta to‘p bilan  boshqarib turibdi.

 

Ispaniya chempionati beshinchi tur o‘yinlari 18-19-20 sentyabr kunlari bo‘lib o‘tadi.

 

                                                                          A seriya

 

11-12 sentyabr kunlari Italiya A seriyasining ham navbatdagi uchrashuvlari o‘tkazildi. Ushbu uchinchi tur o‘yinlarini “Empoli” – “Venetsiya” bahsi ochib berdi. Unda “Venetsiya” safarda uch ochko bilan qaytishga muvaffaq bo‘ldi. Krishtianu Ronalduni «Manchester Yunayted»ga sotib yuborgan “Yuventus” klubi mazkur turda ham raqiblariga imkoniyatni boy berdi. Bu safar “Napoli” o‘z uyida Turin klubidan uch ochko olishga erishdi.

 

Eslatib o‘tamiz, Italiya chempionati ikkinchi turida “Empoli” “Yuventus”ni 1:0 hisobida mag‘lub etgandi. Hamyurtimiz Eldor Shomurodov to‘p tepayotgan “Roma” jamoasi bu turda ham g‘alabali seriyasini davom ettirdi. Bu gal rimliklar “Sassuolo” ni 2:1 hisobida yengdi. Uchrashuvda Eldor Shomurodov  bitta golga hammualliflik qildi. Ushbu turning eng qiziqarli o‘tgan to‘qnashuvlaridan biri “Sampdoriya” – “Inter” o‘rtasida bo‘lib o‘tdi. Unda jamoalar 2:2 hisobidagi jangovar durangga imzo chekdi. “Kalyari” – “Jenoa” o‘yinida umumiy beshta to‘p kiritildi.

 

Murosasiz kechgan uchrashuvda jenoaliklar  2:3 hisobda g‘alaba qozondi va birinchi g‘alabasini qo‘lga kiritdi. Mazkur turda eng yirik hisob esa “Torino” – Salertina” o‘yinida kuzatildi. Bahsda “Torino” 4:0 hisobda raqibidan ustun keldi. Shu tariqa “Torino” o‘zining dastlabki g‘alabasiga ega bo‘lgan bo‘lsa, “Slertina” chempionatda uchinchi bor mag‘lubiyatga uchradi. Turning markaziy o‘yinlaridan birida “Fiorentina” “Atalanta”dan 2:1 hisobida ustun keldi.  “Spetsiya” – “Udineze” o‘yinida 0:1 hisobi qayd etildi. Shuningdek A seriya uchinchi turida “Bolonya” o‘z uyida “Verona”ni bitta to‘p farqi bilan yutgan bo‘lsa, “Milan” “Latsio”ni 2:0 hisobida yengdi.

 

Chempionat turnir jadvalida  “Roma”, “Milan” va “Napoli” jamoalari 9 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda. So‘nggi o‘rinlarni esa “Salertina”, “Verona” va “Yuventus” klublari egallab turibdi. To‘purarlar ruyxatini “Latsio” hujumchisi Immobile boshqarib kelmoqda. Italiya chempionati 4-tur uchrashuvlari 18-19-20 sentyabr kunlari bo‘lib o‘tad

 

Bundesliga

 

Germaniya Bundesligasi to‘rtinchi turidan o‘rin olgan bellashuvlar ham FIFA kunlari yakuniga yetganidan so‘ng o‘tkazildi. Bundesliganing ushbu tur o‘yinlari muxlislarga bir qator qiziqarli o‘yinlarni taqdim etdi. Xususan, “Bayer” – «Borussiya D» o‘rtasida kechgan bahsida 3:4 hisobi qayd etildi. Qarama-qarshiliklarga boy bo‘lgan o‘yinda «Borussiya D» ishonchli g‘alaba qozondi. Chempionatda yuqori o‘rinlarda borayotagan “Bavariya” klubi  bu turda “Leypsig”ni ayab o‘tirmadi. Bahs 1:4 hisobida myunxenliklar foydasiga hal bo‘ldi.

 

Mavsum boshidan buyon  mag‘lubiyatga uchramagan “Volfsburg” bu safar «Groyter Fyurt»ni 2:0 hisobida yengdi va turnir jadvalida yaqqol peshqadamga aylanib oldi. «Borussiya M» – “Armeniya” o‘yinida 3:1 hisobi qayd etildi. Shu kabi hisob “Boxum” – “Gerta” o‘rtasida o‘tgan to‘qnashuvda ham kuzatildi. Unda “Gerta” klubining qo‘li ustun keldi. Mazkur turda “Frayburg” – “Kyoln”, «A. Frankburg» – “Shtutgart” va “Union” – “Augsburg” uchrashuvlari durang natija bilan yakunlandi.  Shuningdek, bu turda “Mayns” “Xoffenxaym” ustidan 2:0 hisobda ustun keldi.

 

Germaniya chempionati to‘rtinchi turidan keyin “Volfsburg” klubi 12 ochko bilan turnir peshqadami bo‘lib turibdi. Undan keyingi o‘rinlarni “Bavariya” va «Borussiya D» jamoalari band etgan. So‘nggi pog‘onalarda esa «Groyter Fyurt», “Augsburg” va “Gerta” klublari bormoqda. To‘purarlar ruyxatini 6 ta to‘p bilan “Bavariya” hujumchisi Robert Levandovski boshqaryapti.

 

Bundesliga beshinchi tur o‘yinlari 18-19 sentyabr kunlari bo‘lib o‘tadi.

 

                                                                            Liga 1

 

O‘tgan hafta Fransiya chempionatida ham navbatdagi o‘yinlar ortda qoldi. Beshinchi tur o‘yinlarida  kutilmagan hisob “Monako” – “Marsel” o‘yinida kuzatildi. Turning asosiy o‘yinida “Monako” raqibiga 2:0 hisobida imkoniyatni boy berdi. Mavsumni mag‘lubiyatsiz o‘tkazyotgan “PSJ” klubi bu safar “Klermon” jamoasini ayab o‘tirmadi. Uchrashuv 4:0 hisobda parijliklar foydasiga hal bo‘ldi.

 

Shu tariqa Parij klubi raqiblarini sezilarli darajada ortda qoldirmoqda. Ushbu turning eng qiziqarli o‘tgan bahslaridan biri “Bordo” – “Lans” o‘rtasida bo‘ldi. Unda “Lans” jamoasi safarda 2:3 hisobida g‘alaba qozondi va hisobiga navbatdagi uch ochkoni yozdirib qo‘ydi. Bahslarda birgina “Brest” – “Anje” bahsi durang natija bilan yakunlandi. Yuqori o‘rinlar uchun kurashayotgan “Lion” klubi ham bu turda g‘alabaga erishdi. Jamoa unda “Strasbur”ni 3:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Musoqaba peshqadamlari safida borayotgan “Nissa” ham o‘z hisobiga uch ochkoni yozdirib qo‘ydi. Bu safar jamoa “Nant” dan 2:0 hisobda ustun keldi. Shuningdek, Fransiya chempionati beshinchi turida “Renn” 2:0 hisobida “Reyms”dan mag‘lub bo‘lgan bo‘lsa, “Mets” klubi ham “Trua”ga xuddi shu hisobda yengildi. “Monpele” – “Sent-eten” uchrashuvi ham 2:0 hisobida yankunlandi.

 

Liga 1 ning mazkur tur o‘yinlaridan so‘ng “PSJ” 15 ochko bilan turnir jadvali peshqadami bo‘lib turibdi. Undan keyingi o‘rinlarni “Anje” va “Nissa” klublari egallab turibdi. Turnir jadvalining so‘nggi pog‘onalarida “Bordo”, “Sent-eten” va “Brest” bormoqda. Musobaqa to‘purari beshta to‘p bilan “PSJ” hujumchisi Kilian Mbappe bo‘lib turibdi.

 

Fransiya chempionati oltinchi tur o‘yinlari 18-19 sentyabr kunlari bo‘lib o‘tadi.

 

Jamshidbek Amirov                                                                       

O‘zbekiston Osiyo o‘yinlarini 5-o‘rinda yakunladi: sportchilar 70 ta medalni qo‘lga kiritdi

O‘zbekiston Osiyo o‘yinlarini 5-o‘rinda yakunladi: sportchilar 70 ta medalni qo‘lga kiritdi

Og‘ir atletikachi Akbar Jo‘rayev jahon rekordini yangiladi.

Ronaldu va Jorje Jezus yarashishi mumkin: futbolchining javobi kutilmoqda

Ronaldu va Jorje Jezus yarashishi mumkin: futbolchining javobi kutilmoqda

Avvalroq Ronaldu Portugaliya terma jamoasi yig‘inini muddatidan oldin tark etgandi.

O‘zbekiston Suriyani yirik hisobda mag‘lub etdi

O‘zbekiston Suriyani yirik hisobda mag‘lub etdi

O‘zbekiston terma jamoasi navbatdagi uchrashuvini  Janubiy Koreyaga qarshi o‘tkazadi.

Murabbiy bilan mojaro: Ronaldu Portugaliya terma jamoasi mashg‘ulotini tark etdi

Murabbiy bilan mojaro: Ronaldu Portugaliya terma jamoasi mashg‘ulotini tark etdi

Voqea murabbiy matbuot anjumanida Ronaldu bilan o‘rtasida hech qanday mojaro yo‘qligini aytganidan keyin yuz bergan.

Osiyo oʻyinlari: O‘zbekiston U-23 terma jamoasi Yaponiya bilan o‘yinda penaltilar seriyasida yutqazdi

Osiyo oʻyinlari: O‘zbekiston U-23 terma jamoasi Yaponiya bilan o‘yinda penaltilar seriyasida yutqazdi

Endi O‘zbekiston bronza medali uchun Xitoyga qarshi bahs olib boradi.

«Chelsi» Abduqodir Husanovning transferini ko‘rib chiqmoqda — manba

«Chelsi» Abduqodir Husanovning transferini ko‘rib chiqmoqda — manba

Husanovga Angliya Premyer-ligasining yana uchta klubi ham qiziqish bildirayotgani aytilmoqda.

O‘zbekiston Eronni mag‘lub etdi: Shomurodov dubl qayd etdi

O‘zbekiston Eronni mag‘lub etdi: Shomurodov dubl qayd etdi

Husayn Norchayev esa uchrashuv oxirida hisobni 3:1 ko‘rinishiga keltirdi.

Aichi-Nagoya-2026: O‘zbekiston delegatsiyasi bir kunda 15 ta medal oldi

Aichi-Nagoya-2026: O‘zbekiston delegatsiyasi bir kunda 15 ta medal oldi

O‘zbekistonlik sportchilar Osiyo o‘yinlarining navbatdagi kunida eshkak eshish, kanoe va baydarka, o‘q otish, qilichbozlik hamda sport gimnastikasi bahslarida jami 15 ta medalni qo‘lga kiritdi.

Kuchli beshlik: navbatdagi tur o‘yinlaridan so‘ng quyidagicha “manzara” kasb etdi | Zamon.uz