Sharbat tayyorlash qurilmasi ichiga yashiringan tilla va zargarlik buyumlari fosh qilindi
«Toshkent-Aero» ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari poytaxtimiz aeroportida tilla taqinchoqlarni yashirincha olib kirishning g‘ayrioddiy usulini fosh qilishdi.

Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati “Zamon.uz” ga maʼlum qildi.
Xorijdan yurtimizga kirib kelgan yo‘lovchilardan biri bojxonadan “yashil” yo‘lak orqali harakatlanar ekan, uning bezovtalanishi bojxona xodimlarining diqqatini tortdi.
Shundan so‘ng, unga tegishli bagaj belgilangan nazorat-rentgen uskunasi orqali ko‘zdan kechirilganda, bagajdagi sharbat tayyorlash qurilmasining tasviri ekranda shubhali aks etdi.
Qurilmaning temir asosli tag qismi maxsus uskuna yordamida kesib ochib ko‘rilganida, uning ichiga jami 799 gr. og‘irlikdagi qimmatbaho tilla taqinchoqlar yashirilganligi aniqlandi.
Shu tariqa qonunbuzar shaxsning bojxona xodimlarining ko‘zini shamg‘alat qilib, qiymati 320 mln. so‘mlik zargarlik buyumlarini olib kirish rejasi naf bermadi.
Hozirda surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Avvalroq, Toshkent xalqaro aeroporti chegara bojxona posti xodimlari bilan hamkorlikda yirik miqdordagi dori vositalari to‘xtatib qolingani haqida xabar bergan edik.
Munojat Valiyeva







