Sport

«Sog‘lom turmush tarzi» platformasi faoliyati to‘xtatilganiga oid xabar asossiz bo‘lib chiqdi

Xabaringiz bor, «Sog‘lom turmush tarzi» platformasi davlatimiz rahbarining «Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 6099-sonli farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining «Sog‘lom turmush tarzi» platformasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida«gi 253-sonli qaroriga muvofiq yo‘lga qo‘yilgan edi.

«Sog‘lom turmush tarzi» platformasi faoliyati to‘xtatilganiga oid xabar asossiz bo‘lib chiqdi

.

Turizm va sport vazirligining sport yo‘nalishidagi saytida ushbu mobil ilova foydalanuvchilariga pul to‘lash vaqtincha to‘xtatilgani haqida xabar berildi, biroq axborot xizmati xodimi maqolada asossiz va tasdiqlanmagan maʼlumot bergani bois aholi orasida bu borada tushunmovchilik paydo bo‘lgan.

 

Mazkur platforma bo‘yicha joriy yil 10 iyundan 13 sentyabrga qadar bir sutka davomida o‘n ming va undan ortiq qadam yurgan 18 yosh va undan yuqori yoshdagi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining platformadagi elektron hamyoniga jami 9,4 milliard so‘m  to‘lab berilgan.

 

Shu bilan birga, har oyda har bir tuman (shahar) bo‘yicha eng ko‘p piyoda yurgan shaxsga - 300 ming so‘mdan, har bir hudud bo‘yicha eng ko‘p piyoda yurgan shaxsga - 500 ming so‘m, respublika bo‘yicha eng ko‘p piyoda  yurgan shaxsga qo‘shimcha ravishda 1 million so‘m  foydalanuvchilarning elektron hamyoniga o‘tkazib berildi. Joriy yilning iyun-avgust oylari davomida esa jami 206,7 million so‘m mablag‘ to‘landi.

 

Hozirgi pandemiya davrida aholi orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish hamda unga rioya qilish juda muhim. Platformaga oid xabarning OAV va aholi orasida bu qadar keng tarqalishi unga bo‘lgan qiziqishning yuqori ekanini va platforma yaratish qarori qanchalik to‘g‘ri bo‘lganini yana bir bor tasdiqlaydi.

 

Turizm va sport vazirligi axborot xizmati mazkur xabarni yetkazishda xatolikka yo‘l qo‘ygani uchun uzr so‘radi, “Sog‘lom turmush tarzi" platformasi ishlashda davom etishini eʼlon qildi. Aholini chalg‘ituvchi xabar bergan xodimga esa ogohlantirish berilgani maʼlum qilindi.

 

Avvalroq Osiyo o‘yinlarida kibersport bo‘yicha medallar o‘ynaladigan yo‘nalishlar tasdiqlangani haqida xabar bergan edik. 

 

Jamshid Amirov

«Sog‘lom turmush tarzi» platformasi faoliyati to‘xtatilganiga oid xabar asossiz bo‘lib chiqdi | Zamon.uz