Yangi harbiy alyans — AUUKUS navbatdagi sovuq urush davrini boshlab berishi mumkin(mi?)
AQSH shu yilning 16 sentyabr kuni Avstraliya va Buyuk Britaniya bilan yangi harbiy alyans — AUUKUS tuzilganini eʼlon qildi.

Ekspertlar fikricha, bu, eng avvalo, Xitoy va uning o‘sib borayotgan taʼsiriga qarshi qaratilgan. Hozirning o‘zidayoq ittifoq NATOga qiyoslanmoqda.
Vashingtonning Pekinga qarshi maʼlum harbiy-siyosiy blok tuzishga intilishi yangilik emas. O‘tgan 5 yil mobaynida ikki gegemon davlat o‘rtasida munosabatlar sovuqlashib bordi. Vashington Pekinni o‘zining eng asosiy raqobatchisi sifatida ko‘rmoqda. Masalan, AQSH armiya kelajagi qo‘mondonligi chiqargan hisobotda 2035-2050 yillarda Xitoy Qo‘shma Shtatlarning asosiy raqibiga aylanishi taʼkidlangan.
AUUKUS Tinch va Hind okeani havzasida keskin strategik o‘zgarishlarga olib kelishi mumkin.
Birinchidan, ushbu kelishuv AQSHning mintaqadagi kuchlari sonini oshirishni nazarda tutadi. AQSH Yaqin va O‘rta Sharqdan kuchlarini olib chiqib, ularni Osiyo-Tinch okeani havzasiga joylashtirishi mumkin.
Ikkinchidan, Osiyo-Tinch okeani hududida atom suvosti kemasiga ega davlatlar soni yana bittaga ko‘payadi. Unga ko‘ra, AQSH Avstraliyaga 8 ta shu turdagi texnikani taqdim etadi. Jozef Bayden ular oddiy turdagi qurollar bilan jihozlanishini aytgan bo‘lsa-da, unga istalgan paytda yadro qurolini joylashtirish mumkin. Avstraliya bosh vaziri Skot Morrisonn kelajakda suvosti kemalarini mamlakatning o‘zida ishlab chiqarishni taklif qilgan.
Buyuk Britaniyaning ishtiroki bir qarashda g‘alati tuyulishi mumkin. Qirollik Tinch okeanidan qariyb 8 ming kilometr uzoqlikda joylashgan. Ammo AQSHning asosiy ittifoqchisi bo‘lgan Buyuk Britaniya Vashingtonning har qanday global loyihalarida ishtirok etadi.
Shu bilan birga Yevropa Ittifoqidan chiqib ketgan London endi mustaqil o‘yinchi bo‘lishga harakat qilishi tabiiy. Britaniya kelajakda Yevropada yetakchi kuchga aylanish istagida ekanini inkor etib bo‘lmaydi. Hozirda qirollik flotida jiddiy modernizatsiya jarayoni ketmoqda. Buyuk Britaniya tarixan dengiz davlati hisoblanadi. Bu AQSHning maqsadlari amalga oshishida katta yordam berishi mumkin.
Kelajakda harbiy alyans tarkibi boshqa davlatlar hisobiga kengayishi ham taxmin qilinmoqda. Xususan, hozirdanoq Hindiston va Yaponiyani ham Xitoyga qarshi koalitsiyaga qo‘shish haqida gapirilmoqda. Agar bu amalga oshsa, Xitoyning strategik holati zaiflashishi shubhasiz. Pekin o‘zining turli tomondan o‘rab olinishini tarixan salbiy qabul qilgan. Bunga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida Xitoy har qanday vositadan foydalanishi mumkin. U hozirning o‘zidayoq amaliy qadamlar tashlayapti. Masalan, AUUKUS tuzilganidan so‘ng, Pekin Trans-tinch okeani hamkorligiga qo‘shilish istagini bildirdi. Bu hamkorlik ham aslida Xitoyning mintaqada o‘sib borayotgan taʼsirini kamaytirishga qaratilgan shartnoma hisoblanadi. Donald Tramp prezidentligi davrida AQSH kelishuvdan chiqib ketgan. Xitoyning shartnomaga qo‘shilishga harakat qilishiga sabab–– u mintaqa davlatlari bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni yana-da kengaytirmoqchi. Bu orqali kelajakda o‘ziga qarshi qaratilgan turli harakatlarning oldini olish mumkin.
Pekin agar mavjud kelishmovchiliklarni diplomatik usullar bilan hal qilmasa, u holda kuch ishlatishga to‘g‘ri keladi. Bu esa global miqyosda o‘ta salbiy taʼsir ko‘rsatadi. Bu holatda Xitoy-G‘arb qarama-qarshiligi hayot-mamot masalasiga aylanadi va dunyo miqyosida yangi sovuq urush davri boshlanishi mumkin.
Jahongir Qo'ziyev







