Futbolkalar Ronalduning transfer narxini qoplaydi...mi?
3-sentabr kuni «Manchester Yunayted» klubi do‘koni oldi xaridorlar bilan gavjum bo‘ldi. Bu yerga xaridorlar Ronalduning 7-raqamli futbolkasini sotib olish uchun keldi. Bir necha kundan keyin ijtimoiy tarmoqlarda amaldagi rekord yangilangani, Premyer-liga tarixida hali bunchalik ko‘p futbolka sotilmagani haqida xabarlar tarqaldi. Shunga o‘xshash voqea Lionel Messi “PSJ”ga o‘tganidan keyin boshlangandi.


Maʼlumki, 2014-yilda «Manchester Yunayted» Adidas bilan 10 yilga 750 million funtlik shartnoma imzolagan, bu jahon futboli tarixidagi eng yirik bitim edi. Ommaviy axborot vositalari maʼlumotiga ko‘ra, manchesterliklar Ronalduning har bir futbolkasi sotuvidan 7 foiz oladi.
«Manchester Yunayted» Krishtianu Ronalduning transfer narxini qoplashi uchun ikki million yetmish besh ming olti yuz ellikta futbolka sotishi kerak. Xabarlarga ko‘ra, «Ronalduning 7-raqamli futbolkasiga bo‘lgan talab o‘tgan yilgiga qaraganda 600 foizga oshgan. Futbolchining familiyasi yozilgan forma hozirda Premyer-liga tarixida eng ko‘p sotilgan forma bo‘lib turibdi. LovetheSales.com onlayn bozorining asoschilaridan biri Styuart Makklurning aytishicha, Ronaldu futbolkasiga talab taklifdan ancha yuqori bo‘lmoqda. Hozirda formaga bo‘lgan talab Adidas kompaniyasida umumiy ishlab chiqarish hajmining 28 foizini tashkil etmoqda.
Xabarlarda aytilishicha, “Manchester Yunayted" ushbu xariddan jami 187,1 million funt ishlab topgan. Bundan oldin, yaʼni 2019 yilda Manchester klubi 1,8 million, 2020 yilda esa 1,7 million futbolka sotdi. Mazkur savdodan jamoa 2019 yil 102 million, 2020 yilda 96,3 million funt daromad olgan.
Albatta, Ronalduning «Manchester Yunayted» klubiga kelib qo‘shilishi katta hodisa bo‘ldi. Bugungi kunga kelib futbolchi jamoa safida uchta o‘yinda maydonga tushdi va to‘rtta gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Ronalduning futbolkasidan tushgan daromad uning transfer narxini qoplashi haqida taxminlar bor. Biroq bu xususda gap ketganda portugaliyalikning klub safidagi maoshi va bonuslarini ham hisobga olish lozim bo‘ladi.
Jamshidbek Amirov







