Futzal bo‘yicha jahon chempionati. Nimchorak finalga kimlar yo‘l oldi?
Shu kunlarda Litva davlati futzal bo‘yicha jahon chempionatiga mezbonlik qilmoqda.

Ushbu musobaqada guruh o‘yinlari nihoyasiga yetib keyingi bosqichga yo‘l olgan jamoalar nomi maʼlum bo‘ldi. Biz bugun pley-offga chiqqan o‘zaro raqibga aylangan jamoalar haqida to‘xtalib o‘tmoqchimiz.
Jahon chempionatining «A» guruhida Qozog‘iston va Venesuela terma jamoalari keyingi bosqich yo‘llanmasiga ega bo‘ldi. Mazkur guruhda oxirgi tur o‘yinlari 18 sentyabr kuni bo‘lib o‘tdi. Unda guruhda ikki o‘yin natijasiga ko‘ra umuman ochko jamg‘ara olmagan Kosta-Rika va Litva terma jamoalari o‘zaro to‘qnash keldi. Natijada mezbonlar raqiblariga yirik 6:2 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Guruhning ikkinchi o‘yinida guruh yetakchilari Qozog‘iston hamda Veneluela jamoalari bahs olib bordi. Ikkala terma ham bu o‘yin oldidan ikkita g‘alabani qo‘lga kiritib keyingi bosqich masalasini hal qilib bo‘lgan edi. Birinchi o‘rin uchun kechgan ushbu bellashuvda durang natija qayd etildi. Faqat to‘plar nisbatiga ko‘ra Qozog‘iston birinchi o‘rindan joy oldi. Ikkinchi pog‘onani Venesuela termasi egalladi.
O‘zbekiston futzal terma jamoasi joy olgan “B” guruhida ham 18 sentyabr kuni uchinchi tur o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. Mazkur uchrashuvlarda O‘zbekiston Misr termasiga qarshi, guruh peshqadami rossiyalik futzalchilar esa Gvatemalaga qarshi bahs olib bordi. Bunga qadar musobaqa davomida ikkita mag‘lubiyat alamini tortib ko‘rgan terma jamoamiz so‘nggi o‘yinda Misrni mag‘lub etishi talab etilardi. Keskin kurashlarga boy bo‘lgan o‘yinda jamoamiz 2:1 hisobida raqibini mag‘lub etdi va pley-offga yo‘l oldi. Guruhning ikkinchi uchrashuvida esa Rossiya futzal jamoasi Gvatemaladan 4:1 hisobida ustun keldi. Shu tariqa rossiyalik futzalchilar 9 ochko bilan keyingi bosqichga yo‘l oldi.
«C» guruhida ham nimchorak final uchun kurash jiddiy tus oldi. 19 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan so‘nggi tur o‘yinlarida Solomon orollari Tailanddan 4:9 hisobida mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsa, guruh peshqadami jamoasi esa Marokash bilan durang natija qayd etdi. Shunday qilib Portugaliya terma mazkur guruhda kurashni Portugaliya, Marokash va uchinchi o‘rinda eng yaxshi ko‘rsatkichga ega jamoa sifatida Tailand termalari davom ettiradigan bo‘ldi.
Jahon chempionatining «D» guruhida Chexiya va Vyetnam jamoalari ikkinchi o‘rin uchun jiddiy kurash olib bordi. Guruh favoriti Braziliya musobaqa davomida barcha raqiblarini yirik hisobda mag‘lub etishga muvaffaq bo‘ldi. Xususan, braziliyaliklar birinchi turda Vyetnamni 9:1ga, ikkinchi turda Chexiyani 4:0ga va so‘nggi bahsda panamalik futzalchilarni 5:1 hisobida mag‘lub etdi va guruhda birinchi o‘rin bilan keyingi bosqichga yo‘l oldi. Ikkinchi o‘rin uchun kurashda Vyetnam raqib darvozasiga kiritilgan to‘plar hisobiga Chexiya termasiga imkoniyatni boy berdi. Biroq eng yaxshi ko‘rsatkichga ega jamoa sifatida Vyetnam termasi ham keyingi bosqichda ishtirok etadigan bo‘ldi.
«E» guruhida oxirgi tur o‘yinlari 20 sentyabrda o‘tkazildi. Unda Ispaniya Angolaga qarshi bahs olib borgan bo‘lsa, yaponiyalik futzalchilar Paragvay bilan ro‘baru keldi. Mazkur turning birinchi uchrashuvida Ispaniya Angoladan 4:1 hisobida ustun keldi. Ikkinchi o‘yinda esa Yaponiya Paragvayga kichik hisobda imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Shu tariqa mazkur guruhdan keyingi bosqichga Ispaniya birinchi, Paragvay ikkinchi o‘rinda Yaponiya futzal terma jamoasi esa eng yaxshi ko‘rsatkichga ega jamoa sifatida yo‘l oldi.
Jahon chempionatining oxirgi «F» guruhida ham qiziqarli o‘yinlar o‘tkazildi. Xususan, guruhda birinchi o‘rin uchun kechgan bahsda Argentina Eron termasini 2:1 hisobida mag‘lub etdi. Guruhning ikkinchi bahsida esa AQSHlik futzal terma jamoasi serbiyaliklarga 0:7 hisobda imkoniyatni boy berdi. Shunday qilib “F” guruhidan keyingi bosqichda Argentina, Eron va eng yaxshi ko‘rsatkichga ega uchinchi o‘rin sohibi sifatida Serbiya termasi pley-off bosqichida ishtirok etadi.
Jahon chempionatida keyingi bosqich uchrashuvlari 22 sentyabrdan start oladi. Ushbu bellashuvlarni Rossiya – Vyetnam termalari o‘rtasidagi o‘yin ochib beradi. Xususan, shu kungi bahslarda Venesuela va Marokash termalari ham o‘zaro uchrashadi. 23 sentyabr kungi o‘yinlarda Qozog‘iston – Tailand, Argentina – Paragvay va Braziliya - Yaponiya jamoalari to‘qnash keladi. Nimchorak finalning uchinchi kun o‘yinlarini O‘zbekiston – Eron o‘yini ochib beradi. Shuningdek, shu kuni Portugaliya Serbiyaga, Chexiya esa Ispaniyaga qarshi maydonga chiqadi.
Jamshidbek Amirov







