60 yoshli mamlakat vitse-prezidenti futbol bellashuvida qatnashdi
Surinamning 60 yoshli vitse-prezidenti Ronni Brunsvayk "Inter Moengotapoe" klubida Konkakaf ligasining “Olimpiya”ga qarshi o‘yinida ishtirok etdi. Siyosatchi uchrashuvni asosiy tarkibda boshladi va 54-daqiqada zaхiraga olindi.


Ushbu uchrashuvda Brunsvaykning 21 yoshli o‘g‘li Damian ham ishtirok etdi. Ammo ular jamoaga yordam bera olmadi. O‘yinda "Inter" "Olimpiya" klubiga 0:6 hisobida imkoniyatni boy berdi.
Afsuski, mazkur turnirning javob uchrashuvida Brunsvayk qatnasha olmaydi. Sababi, 60 yoshli siyosatchi Interpol ro‘yxatiga kiritilgani uchun Surinamni tark eta olmaydi. Bellashuv esa Gondurasda bo‘lib o‘tadi. Brunsvayk partizanlar rahbari sifatida faoliyat olib borgan. U 1985-yilda Surinam ozodlik armiyasi isyonchilari rahbari bo‘lgan, 6 yil davom etgan fuqarolar urushida qatnashgan.
Siyosatchi 1999-yil giyohvand moddalar savdosi bo‘yicha sirtdan sudlangan. Hozirgi kunda u Surinam vitse-prezidenti lavozimida faoliyat olib bormoqda. Bugungi kungacha Brunsvayk futbol bellashuvlarida Karib dengizi klublari chempionati doirasida 2009-yil bitta, 2011-yil esa ikkita o‘yin o‘tkazgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq futbol qiroli Pele jonlantirish bo‘limiga yotqizilgani haqida xabar bergan edik.
Jamshidbek Amirov







