“Xalq so‘zi" muxbiri va yana uch kishi qurbon bo‘lgan YTH sabablari aniqlandi
Xorazm viloyati IIB axborot xizmati tomonidan eʼlon qilingan lavhada aytilishicha, avariya mashina haydovchisining uxlab qolishi oqibatida yuz bergan.


Maʼlum qilinishicha, mazkur yo‘l transport hodisasi 19-senyabr kuni soat 23:35 da Xorazm viloyati Tuproqqalʼa tumani Sarimoy qishlog‘i hududidan o‘tgan A-380 G‘uzor — Buxoro — Nukus — Beyneu xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan avtomobil yo‘lining 493-kilometrida sodir bo‘lgan.
Qayd etilishicha, 25 yoshli fuqaro tegishli hujjatlar bilan “Tasuma” rusumli avtomobilni boshqarib borayotib, uxlab qolgan va yo‘ldan chap tomonga burilayotgan “ISUZU” yuk mashinasining orqa tomoniga kelib urilgan.
Oqibatda, haydovchi A.M. hodisa joyida, ushbu avtomobil yo‘lovchilari S.M. shifoxonaga olib ketilayotganda, R.J. va A.Q. esa shifoxonada vafot etgan.
Eslatib o‘tamiz, bundan avval “Xalq so‘zi” gazetasi jurnalisti YTHga uchrab vafot etgani haqida xabar berilgan edi.
Cho‘lponoy Ahmedova







