Chavandozlarimiz Millatlar kubogi finalida qatnashish uchun Ispaniyaga jo‘nab ketdi
Konkur bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi ot sporti olamidagi nufuzli musobaqaning finalida ishtirok etish uchun Barselonaga yo‘l oldi. Jamoamiz O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Rossiyada o‘tkazilgan barcha saralash bosqichlarida muvaffaqiyatli ishtirok etgan va Yevrosiyo divizionining 11 mamlakati orasida yagona final yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan edi.


Millatlar kubogi ot sporti dunyosida Olimpiya o‘yinlaridan keyin turuvchi nufuzli musobaqa sanaladi. Xalqaro ot sporti federatsiyasi (FEI) barcha milliy federatsiyalarni joylashuviga ko‘ra saralash bosqichlari o‘tkaziladigan 7 ta mintaqaga ajratdi. Ular orasidan yakuniy turnirga eng kuchli 18 ta jamoa (1 ta jamoada 4 ta chavandoz) yo‘llanma oldi. Kubok finali har yili kuzda Ispaniyada bo‘lib o‘tadi.
Maʼlumot uchun: ot sporti bo‘yicha eng qadimiy turnirlardan biri bo‘lgan Millatlar kubogi Yevropa mamlakatlarida 1909 yildan buyon o‘tkaziladi. Xalqaro ot sporti federatsiyasi 1930-yildan uning asosiy tashkilotchisiga aylandi. "Milliy g‘urur, xalqaro shijoat" Millatlar kubogining shiori etib belgilandi. Tashkilotchilar bu shior turnir ruhini yaqqol ifodalaydi, deya hisoblaydi. Millatlar kubogi avval Qirolicha kubogi, Prezident kubogi va Shahzoda Filipp kubogi nomlari bilan ham atalgan.
Taʼkidlash joiz, respublikamizda ot sportining konkur turi keng rivojlangan. Shu bois chavandozlarimiz uchun FEI Millatlar Kubogi finaliga chiqish eng yuksak orzu edi. Har yili aprel oyida chavandozlarimiz shaxsiy hisobda Jahon kubogi yo‘llanmasi uchun mintaqamiz vakillari bilan bahslashadi.
2020-yil oxiridan boshlab vaziyat o‘zgardi. Ot sporti bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi yangi tashkil etilgan Yevroosiyo yilqichilik va ot sporti assotsiatsiyasiga qo‘shildi. 2021-yil 21-25 aprel kunlari Toshkent viloyatining "Universal Jumping Agro" ot sporti klubida ot sporti bo‘yicha xalqaro musobaqa – "FEI Jumping Nations Cup Euratsian League" turniri bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston jamoaviy bahsda 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Ispaniyada o‘tkaziladigan musobaqada O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida Bahromjon Gaziyev, Umid Komilov, Bekzod Qurbonov, Aʼzam Tolibboyev kabi chavondozlarimiz ishtirok etadi. Unda Belgiya, Braziliya, Kanada, Fransiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Irlandiya, Italiya, Niderlandiya, Norvegiya, Ispaniya, Shvetsiya, Shveysariya, AQSH va O‘zbekistondan kelgan chavаndozlar bellashadi.
Jamshidbek Amirov







