"Danmon Group" kompaniyasi bilan kelishuv imzolandi
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Kinematografiya agentligi tomonidan o‘tkazilayotgan “Ipak yo‘li durdonasi” XIII Toshkent xalqaro kinofestivalida kuni kecha Danmon Group kompaniyasi (Daniya) bilan kelishuv imzolandi.


Kinematografiya agentligi axborot xizmatining xabar qilishicha, mazkur kelishuv Prezidentimizning 2021-yil 7-apreldagi PQ-5060 son Qarori ijrosi doirasida “O‘zbekfilm” kinokonserni DUKni zamonaviy kinoqurilmalari va texnikalari bilan jihozlash bo‘yicha olib borildi.
Qayd etilishicha, kompaniya vakillari mahalliy va xorijiy mutaxassislar uchun yangi texnologiyalar imkoniyatlari haqida maxsus taqdimot o‘tkazishdi. So‘ng, agentlik Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov hamda "Danmon Group" kompaniyasi direktori Brayen Skott o‘rtasida shartnoma tuzildi.

Unga ko‘ra joriy yilning oxiriga qadar kompaniya texnologiyalarning maʼlum qismini “O‘zbekfilm” kinokonserniga yetkazib beradi.
Taʼkidlanishicha, endilikda o‘zbek kinoijodkorlari dunyoning zamonaviy kinotexnologiyalaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Eslatib o‘tamiz, kinofestival bosh homiysi: AGMK, NGMK va “O‘zbekneftgaz”. Hamkor homiylar: “O‘ZBEKTELEKOM”, “O‘zdonmahsulot” AK, “O‘zpromstroybank”ATB, “Ipoteka-bank” ATIB, “Asakabank”AJ, “O‘zbekiston temir yo‘llari”, “Hududgazta‘minot”, “UzAuto Motors”AJ, “O‘zmetkombinat” AJ, “Milliy bank”AJ, “Farg‘onaazot”AJ, “Eriell”, “Bosch” TM, “Easy Booking”.
Bundan avval “Kino 5 kunda” tanlovida suratga olingan filmlar namoyish etilishi, O‘zbek va rus tillarida faoliyat olib boruvchi yuqori sifatli filmlar va seriallar namoyish etiladigan onlayn kinoteatr yaratilgani, shuningdek, “Mehr” operatsiyasiga bag‘ishlangan film premyerasi bo‘lib o‘tgani, Paralimpiada o‘yinlarida ishtirok etgan o‘zbek qizi haqidagi film namoyishi hamda Toshkent xalqaro kinofestivalining “Jahon kinosi kunlari” dasturini eronlik rejissyor Ibrohim Muxtoriyning “Hayot varaqlari” filmi boshlab berishi haqida xabar berilgandi.







