Ohangaronda nizo: YPX xodimi bilan fuqaro nega tortishdi?
2021-yil 1-oktabr kuni Toshkent viloyati Ohangaron tumani hududidan o‘tuvchi A-373a “Olmaliq-Toshkent” avtomobil yo‘lining 1-kilometrida YPX xodimi bilan fuqaro o‘rasida nizoli vaziyat kelib chiqqan. Bu haqda Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi xabar berdi.


Unda aytilishicha, YPX xodimi A.Karayev tomonidan "KIA CARNIVAL" rusumli avtomobil to‘xtatib tekshirilganda, transport vositasining yon oynasi ruxsatiz qoraytirilganligi aniqlangan. Shundan so‘ng YPX xodimi "O‘zbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risida"gi Kodeksning 126-moddasiga muvofiq bayonnoma rasmiylashtirayotgan vaqtda avtomobil yo‘lovchisi hamda atrofda bo‘lgan yana bir piyoda telefon orqali yuz bergan holatni videotasvirga olgan.
YPX xodimi yo‘lovchiga tasvirga olmaslikni so‘ragan. Bu esa o‘zaro nizoga aylanib ketgan.
“Mazkur holat yuzasidan Toshkent viloyati IIBB YHXB masʼul xodimlari tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilmoqda. Tekshiruv davomida YPX xodimining xatti-harakatlariga huquqiy baho beriladi”, – deb taʼkidlagan Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi.
Bundan avval YPX xodimi to‘xtatganda avtomobil salonida o‘tirgan haydovchi nima qilishi kerakligi, Olmaliqda YPX xodimiga «Qora Malibu»ni qo‘yib yuborishni buyurgan komandirga chora ko‘rilgani hamda Toshkentda “Lacetti” haydovchisi YPX xodimiga bo‘ysunmasdan qochib ketgani haqida xabar berilgandi.
Olamgir Abdiyev







