“The Guardian” nashri Gulnora Karimovaga berilgan 220 million dollar haqida maqola chop etdi
Britaniyaning “The Guardian” nashriga ko‘ra, Bosh vazir Boris Jonson boshchiligidagi Britaniya konservativ partiyasining asosiy donorlaridan biri Muhammad Amersi O‘zbekistonning marhum prezidenti Islom Karimovning qizi Gulnora Karimovaga pora berishda maslahatchi bo‘lgan.


Nashr tomonidan 4 oktyabrda chop etilgan maqolada shved telekommunikatsiya kompaniyasi “Telia” Gulnora Karimovaga 220 million dollar pora berib, O‘zbekistondagi mobil bozoriga kira olgani aytilgan.
Muhammad Amersi advokatlarining taʼkidlashicha, korrupsiya to‘lovlarini targ‘ib qilish haqidagi har qanday maʼlumotning tarqatilishi haqidagi axborotlar yolg‘on bo‘lgan. Ularning so‘zlariga ko‘ra, bitim bo‘yicha asosiy kelishuvlar 2017-yilda tuzilgan. Amersi “Telia” Gulnora Karimovaga pora berishni rejalashtirayotganini o‘ylab ko‘rmaganini aytgan.
Ammo, “The Guardian” va “BBC Panorama” o‘z tergovlari natijasida maʼlum qilishicha, Amersi “Telia” bilan 6 yil ishlagan va kompaniyaning Markaziy Osiyodagi mobil bozoriga kirib kelishida muhim rol o‘ynagan.
“The Guardian” ning yozishicha, Muhammad Amersi shu davrda vositachilik qilgani uchun 65 million dollar olgan va yakshanba kuni chiqarilgan Pandora hujjatlari shuni ko‘rsatadiki, bu pullarning bir qismi Buyuk Britaniyada qimmatbaho ko‘chmas mulklarni sotib olishga sarflangan.
2017-yilda Muhammad Amersi Oksford universitetida bo‘lib o‘tgan tadbirda nutq so‘zlagan va uni "korrupsiyaga qarshi kurashish majburiyati" uchun olqishlashgan. Uning o‘zi korrupsiyaga qarshi kurashni yuragiga yaqin mavzu ekanligini aytib o‘tgan.
Keniyalik 61 yoshli Muhammad Amersi Buyuk Britaniyadagi 2019-yilgi parlament saylovlarida Konservativ partiyaga 100 ming funt (136 ming AQSH dollari atrofida) xayriya qildi. Bundan oldin u Boris Jonson, Maykl Gove hamda mamlakat bosh vaziri lavozimiga daʼvogar bo‘lgan Jeremi Xantning saylov kampaniyalarini moliyalashtirishga o‘z hissasini qo‘shgan.
“The Guardian” nashrining yozishicha, hozirda turli telekommunikatsiya loyihalarida ishtiroki bilan tanilgan britaniyalik tadbirkor, o‘zi yaratgan yangi guruh yordamida Yaqin Sharqdagi konservatorlar strategiyasiga taʼsir o‘tkazmoqchiligi aniqlangan.
Shu yilning fevral oyida Shvetsiya sudi O‘zbekiston birinchi prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga pora berganlikda ayblanayotgan “Telia” sobiq rahbarlariga nisbatan oqlov hukmini tasdiqladi.
Kompaniyaning 3 nafar sobiq rahbarlari O‘zbekiston telekommunikatsiya bozoriga kirish uchun taxminan 320 million dollarni pora sifatida Gulnora Karimovaning offshor kompaniyalar hisobiga o‘tkazganlikda gumon qilingan.
Bu shubhalar birinchi bo‘lib Korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikni o‘rganish markazi va Shvetsiyaning “SVT” telekanali jurnalistlari tomonidan o‘tkazilgan tergovda aytilgan.
2019-yil fevral oyida Stokgolm sudi o‘z hukmiga binoan ularni aybsiz deb topdi. Sudyalar “Telia”ning sobiq rahbarlari "texnik jihatdan" Karimovaga pora bermagan deb hisoblashdi. Aynan mana shu qonuniy cheklov tufayli, Shvetsiya sudi sobiq rahbarlarni oqlash to‘g‘risida qaror chiqardi.
Sud sharhida aytilishicha, faqat davlat yoki davlat xizmatchisiga pul yoki boshqa moddiy boyliklarning o‘tkazilishi korrupsiya deb baholanishi mumkin. Sud jarayonida prokuratura Gulnora Karimova pora berayotganda telekommunikatsiya sohasida yetarlicha vakolatga ega bo‘lgan mansabdor shaxs ekanligi to‘g‘risida ishonchli dalillarni keltira olmadi.
Maʼlumot o‘rnida, Gulnora Karimovan qamoq jazosini o‘z vatanida o‘tamoqda. Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi 2020-yil 18-martda Karimovani 13 yil 4 oyga hukm qilingandi.
Cho‘lponoy Ahmedova







