Dubay shahzodasi O‘zbekistonga faqatgina ov qilish uchun kelmaydi
Xabaringiz bor, 36 yoshli taxt vorisi Shayx Hamdan bin Muhammad Ol Maktum O‘zbekistonga keldi. Shahzoda Instagram‘dagi sahifasiga jarayonga oid fotojamlanmani joyladi.


Suratlardan ko‘rish mumkinki, u har doimgidek BAAga qarashli tuvaloq asrash maskaniga tashrif buyurgan.
Maʼlumot o‘rnida, Muhammad Ol Maktum o‘tgan yili ham, aynan, oktyabr oyida shu yerda bo‘lgan.
Sababi, O‘zbekistonda lochinlar bilan ov qilish mavsumi sentabr-oktabr oylarida bo‘ladi.Chunki Navoiy shahridan qariyb 50 kilometr uzoqlikda, janubi-g‘arbiy tomonidagi cho‘l hududida 300 gektar yer maydon egallagan Amirliklarning yo‘rg‘a tuvaloqni asrash markazi (AYTAM) joylashgan.
Markaz Birlashgan Arab Amirliklari vitse-prezidenti, Dubay amirligining hokimi shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum tashabbusi bilan 2008-yilning aprel oyida tashkil etilgan.
Ko‘pchilik shahzodani O‘zbekistonga ov qilish va sayohat qilish uchun uchun keladi, deb o‘ylaydi. Ammo bu noto‘g‘ri. Chunki O‘zbekistondagi AYTAMning asosiy faoliyati Osiyo yo‘rg‘a tuvalog‘ining barqaror populyatsiyasini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Uni ko‘paytirish va asrash ishlari hamda har yili ushbu turni yovvoyi tabiiy muhitga qo‘yib yuborish maqsad qilingan. Shu bois shahzoda ham bu tashabbusga o‘z hissasini qo‘shadi.
Eslatib o‘tamiz, yo‘rg‘a tuvaloqlar 2009-yilda O‘zbekiston Qizil kitobiga noyob tur sifatida kiritilgan. Ular Qizilqum cho‘llarida yashaydi. Ularning soni va yashash maydoni 1960-yillardan boshlab qisqarishni boshlagan.
Cho‘lponoy Ahmedova







