O‘zbekistonda "Sputnik V" vaksinasi ishlab chiqarila boshlandi
“Jurabek Laboratories” MCHJ qo‘shma korxonasida ishlab chiqarilayotgan "Sputnik V" vaksinasi 1- va 2- komponentlarining dastlabki 260 500 dozasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatiga topshirildi.


Avvalroq O‘zbekistonda "Jurabek Laboratories" kompaniyasi "Sputnik V" vaksinasini ishlab chiqarishi haqida xabar bergan edik. Mazkur vaksina Gamaleya ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan maʼqullangan.
Bu yurtimizda tayyorlanayotgan ikkinchi vaksina bo‘lib, bundan avval ushbu korxonada jami 7 million doza ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi ishlab chiqarilgan. Uning 1 458 820 dozasi emlash uchun topshirilgan edi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, O‘zbekistonga emlash jarayonlarida foydalanilayotgan jami vaksina 28 473 528 dozani tashkil qilmoqda.
Ulardan:
1 594 480 dozasi AstraZeneca,
21 958 488 million dozasi ZF-UZ-VAC2001,
720 500 dozasi "Sputnik V",
3 000 060 dozasi Moderna,
1 200 000 dozasi Pfizer/BioNTech vaksinasidir.
Shundan 22 721 129 dozasi emlash jarayonlarida qo‘llanilgan bo‘lib, 5 226 139 nafar aholi koronavirusga qarshi barcha bosqichlarda to‘liq emlandi.
Maʼlumot uchun, vaksinalar ishlab chiqarilganidan so‘ng, ularning har bir seriyasidan namunalar yana Rossiyaga tekshiruv uchun yuboriladi. Gamaleya ilmiy-tadqiqot markazi ushbu namunalarni maʼqullaganidan so‘nggina, vaksinalar emlash uchun yetkazib beriladi.
Eslatib o‘tamiz, may oyida Rossiyaning "Sputnik V" vaksinasini O‘zbekistonda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishilgani maʼlum qilingandi.
Bundan avval O‘zbekistonga "Sputnik V" vaksinasining navbatdagi partiyasi keltirilishi, O‘zbekiston vaksina zaxirasi bo‘yicha MDH mamlakatlari orasida yetakchi bo‘lgani hamda “Sputnik V”ni qabul qilish oralig‘i va uning ikkinchi komponentlari qachon keltirilishi maʼlum bo‘lgani haqida xabar berilgandi.







