"Biz kelajak uchun javobgarmiz!"
O‘zbekiston Ekologik partiyasi Xalqaro media-xollda saylovga tayyorgarlik jarayonlari va amalga oshirilgan ishlar xususida maʼlumot berdi.

Shu yilning 24-oktabr kuni mamlakatimizda muhim siyosiy jarayon — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘lib o‘tadi. Ayni kunlarda ushbu muhim siyosiy tadbirga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda. Bugun, 18-oktabr kuni Xalqaro media-xollda O‘zbekiston Ekologik partiyasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik jarayonlari va amalga oshirilgan ishlar xususida maʼlumot berdi.
Partiya ushbu saylovda ilk marotaba ishtirok etmoqda. Partiya raisi o‘rinbosari Saidrasul Sanginov bergan maʼlumotga ko‘ra, ayni kunda Ekopartiyaning 14 ta hududiy hamda 207 ta tuman va shahar partiya tashkilotlari faoliyat olib bormoqda.
Ekologik partiya 2019-yilda o‘tkazilgan parlament saylovida qatnashib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida 15 ta, xalq deputatlari mahalliy Kengashlarda 600 dan ortiq deputatlik o‘rniga ega bo‘lgan. Hozirda partiya aʼzolari soni 500 mingdan ortiq. Partiyaning bosh shiori — "Biz kelajak uchun javobgarmiz!"
2021-yil 27-avgust kuni partiyaning navbatdan III — syezdida O‘zbekistonda prezidentlik saylovida ishtirok etish va Prezident lavozimiga partiya rahbari Narzullo Oblomurodovni nomzod ko‘rsatish to‘g‘risida qaror qilindi.
Partiyaning Markaziy saylov shtabi, 14 ta hududiy saylov shtabi hamda tuman va shaharlardagi saylov shtablari saylov kampaniyasini uyushqoqlik bilan o‘tkazishda tayanch tuzilmalar vazifasini bajarmoqda.
Bugungi kungacha nomzod va uning ishonchli vakillari tomonidan joylarda 300 dan ortiq uchrashuv o‘tkazildi. Ularda 65 mingdan ziyod saylovchilar qamrab olindi.
Uchrashuvlarda nomzod va uning ishonchli vakillariga saylovchilar tomonidan 250 dan ortiq taklif va tavsiyalar berildi.
Faollar tomonidan barcha hududlarda nomzodni xalq orasida targ‘ib etish, uning saylovoldi dasturini saylovchilarga tushuntirish ishlari tashkil qilinib, o‘tkazilgan targ‘ibot-tashviqot tadbirlari OAVlarda keng yoritib borilmoqda.
Shuni alohida qayd etish zarurki, saylovoldi tashviqot ishlari uchun barcha siyosiy partiyalar nomzodlariga tenglik tamoyili asosida sharoit yaratib berildi: bepul efir vaqti hamda matbuot nashrlaridan bepul sahifalar ajratildi. Partiya bu imkoniyatlardan samarali foydalanishga harakat qilmoqda.
Munojat Valiyeva







