Nega aynan Jahongir Ortiqxo‘jayev Toshkent shahriga hokim etib tayinlanganining sababi maʼlum bo‘ldi
Bu haqda Prezident nomzod sifatida poytaxtliklar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvi davomida aytib o‘tdi.

«Men nima uchun Ortiqxo‘jayevni Toshkent hokimi etib tayinladim? U tadbirkor. Biz bu lavozimni poytaxtni ishbilarmonlik bilan rivojlantirish uchun berganmiz. Zamon juda tez o‘zgaryapti. Agar kerak bo‘lsa Ortiqxo‘jayev endi o‘n barobar ko‘proq harakat qilishi kerak», - degan Mirziyoyev.
Davlat rahbari so‘nggi ikki yilda poytaxtda savdo maydonlari hajmi ikki karra o‘sganini, ammo ko‘rsatgichlar yirik megapolislarniki bilan solishtirganda 10-15 marta pastligini bildirdi. Kelasi besh yilda Toshkentda savdo maydonlari yana 10 barobar ortadi.
Bundan tashqari Toshkentda yirik savdo markazlari ish boshlaydi. Xususan, kelgusida 14 milliard dollarga teng 2 mingta investitsiya loyihalari amalga oshiriladi. Bu esa 250 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi degani.
"Toshkent - biznes uchun katta imkoniyatlar shahri" loyihasining hayotga tatbiq etilishi orqali esa poytaxt yalpi ichki mahsuloti hajmini 2 barobarga oshirish - 200 trillion so‘mga yetkazish rejalashtirilgan.
Maftuna Rejabboyeva







