O‘zbekistonliklardan pul talab qilib kelgan Qirg‘iziston chegarachilari ushlandi
Chegaradan o‘tayotgan fuqarolardan tizimli ravishda pul undirib kelgan Qirg‘izistonning "Dostuk-avtodorojniy" nazorat-o‘tkazish punkti xodimlari qo‘lga olindi.

Bu haqda 24.kg nashri Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasiga tayanib xabar qildi. Taʼkidlanishicha, O‘zbekiston fuqarolari va og‘ir yuk mashinalari haydovchilari ulardan eng ko‘p jabr ko‘rgan.
“19-oktabr kuni “Dostuk-avtodorojniy” NO‘P boshlig‘i A.E., Qirg‘iziston MXDQ O‘sh viloyati boshqarmasi boshlig‘i Ch.N., shuningdek direktorning birinchi o‘rinbosari — MXDQ Bosh shtabi boshlig‘i Kursanbek Bektashev qo‘lga olindi. Ular MXDQ O‘sh va O‘sh viloyati boshqarmasining vaqtincha saqlash izolyatoriga joylashtirildi”, — deyiladi xabarda.
Qo‘lga olinganlar Chegara xizmatining ayrim rahbarlari homiyligi ostida faoliyat yuritgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq qirg‘iz-tojik chegarasidagi vaziyat haqida va “Tolibon”dan qochgan 20 ga yaqin afg‘onistonlik Tojikiston hududiga o‘tgani xabar qilingandi.
Bahriniso Madumarova







