Tashqi ishlar vaziri birinchi o‘rinbosari xorijdagi saylov uchastkalari to‘g‘risida maʼlumot berdi
24-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri birinchi o‘rinbosari Farhod Arziyev chet davlatlardagi elchixona va konsulliklarda tashkil etilgan saylov uchastkalari to‘g‘risida maʼlumot berdi.

Bu yilgi Prezident saylovida chet eldagi vatandoshlarmizning ishtirokini taʼminlash maqsadida 37 ta davlat, jumladan, Avstriya, Afg‘oniston, AQSH, BAA, Belarus, Belgiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Indoneziya, Isroil, Ispaniya, Italiya, Janubiy Koreya, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Quvayt, Latviya, Malayziya, Misr, Ozarbayjon, Pokiston, Polsha, Rossiya, Saudiya Arabistoni, Singapur, Tailand, Tojikiston, Turkmaniston, Turkiya, Ukraina, Ummon, Fransiya, XXR, Hindiston, Shveysariya, Eron va Yaponiyadagi elchixona va konsullik idoralari huzurida 54 ta saylov uchastkasi, diplomatik vakolatxonalar bo‘lmagan 11 ta davlat, 149 ta shaharda 380 ta qo‘shimcha ko‘chma saylov uchastkasi tashkil etildi.
Shuningdek, tashqi ishlar vaziri birinchi o‘rinbosari chet elda muddatidan oldin ovoz bergan vatandoshlar haqida maʼlumot berdi. Maʼlumki, Saylov kodeksining 57-moddasiga muvofiq, saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchi muddatidan oldin ovoz berish huquqiga ega.
Shunga binoan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi saylov uchastkalarida saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchilar uchun muddatidan oldin ovoz berish 2021-yilning 14-oktabridan 20-oktabr yakuniga qadar o‘tkazildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida muddatidan oldin ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilar soni 120 524 nafarni tashkil etdi. Ular ko‘chma saylov uchastkalarida ovoz berdi.
Shu bilan birga, xalqaro kuzatuvchilarning xorijda tashkil etilgan saylov uchastkalaridagi jarayonlarni kuzatib borishiga to‘liq imkoniyat yaratilgani maʼlum qilindi.
Bundan avval YEXHT kuzatuvchisi saylovga yuqori baho bergani haqida xabar qilingan edi.
Jahongir Qo‘ziyev







