O‘zbekiston yoshlari uchun sinov boshlandi
Bugun U-23 Osiyo chempionati saralash bahslarining “D” guruhidagi o‘yinlarga start beriladi.

Unda “Paxtakor” stadionida O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi Saudiya Arabistoniga qarshi maydonga tushadi.
Olimpiyachilarimiz Osiyo chempionatida ham 21 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar bilan ishtirok etadi. Sababi jamoamizning asosiy maqsadi — Parij Olimpiadasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritish va unda munosib ishtirok etishdan iborat.
O‘FA va MOQ o‘zaro hamkorlikda “Parij-2024” musobaqasiga tizimli tayyorgarlik choralarini ishlab chiqqan. Yosh futbolchilarning bu vaqt ichida maksimal formaga kirishi nazarda tutilgan. Futbol rivojlangan baʼzi davlatlar amaliyotida bo‘lgani kabi, O‘zbekiston olimpiyachilari ham keyingi turnirlarga U-21 tarkibi bilan borib, o‘yin amaliyoti va tajribasini oshirishga eʼtibor qaratadi.
Eslatib o‘tamiz, vakillarimiz ushbu saralash o‘yinlari Osiyo kubogiga tayyorgarlik vazifasini o‘taydi. Jamoamiz bu musobaqaga mezbon davlat sifatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanmaga ega bo‘ladi. Bugungi bahs 15:00da start oladi. O‘yinga muxlislar bepul kirishi mumkin.
Avvalroq “Nasaf” OFK Kubogi finaliga yo‘l olgani va Jaloliddin Masharipov OCHL chorak finalining eng yaxshi o‘yinchisi deb topilgani haqida xabar berilgandi.
Jamshidbek Amirov







