Koronavirusning yangi “AY.4.2” shtammi paydo bo‘ldi
Himoyalanish va sog‘ayish uchun yagona najot – vaksina!

Koronavirusning yangi “AY.4.2” shtammi aholisi 1 milliarddan ortiq bo‘lgan Hindistonda aniqlanib, hozircha 17 nafar bemor ro‘yxatga olingani haqida xabarlar tarqaldi. Bu shtammning yurtimizga kirib kelishi va aholi orasida tarqalish xavfi bormi? Unga qarshi kurashish uchun bizda qanday imkoniyatlar bor?
Nurmat Otabekov, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘ining o‘rinbosari:
— COVID-19ning qo‘zg‘atuvchisi bo‘lgan SARS-CoV-2 virusi vaqt o‘tishi bilan yangilanib, atrof-muhitga moslashib bormoqda. Uning yangi shtammlari SARS-CoV-2ning mutatsiyaga uchrashi oqibatida paydo bo‘ladi. Yaʼni virus o‘zini saqlab qolish uchun qayta-qayta yangilanishga urinyapti.
Aslida tabiatda uchraydigan barcha viruslar o‘zgaruvchanlikka moyil. Baʼzi tadqiqotchilar SARS-CoV-2ning 5000 tadan 7000 tagacha bo‘lgan mutatsiyaga uchragan shakli borligini daʼvo qilishadi.
Shu paytgacha odam organizmiga moslashishga urinish natijasida koronavirusning baʼzi bir shtammlari paydo bo‘lganini dunyo olimlarining fikrlari isbotlab turibdi. Virus shtammlarining o‘ziga xosligiga qarab “alfa”, “betta”, “gamma”, “yota”, “lyambda”, “delta”, “delta plyus” kabi shtammlari alohida ajratilgan.
Biz viruslarning u yoki bu turi aniqlangan joyga qarab ham nom berib kelyapmiz. Masalan, “britancha” shtamm deb nomlaganimiz, aslida “alfa” shtammi, “afrikancha” deb ataganimiz "betta" shtammidir. “Delta” shtammi Hindistonda aniqlangan bo‘lib, hozir so‘z yuritayotganimiz “AY.4.2” shtammi ham Hindistonda aniqlangani taʼkidlanmoqda.
JSST ham koronavirusning ko‘plab shtammlari orasidan yuqoridagilarni anchayin xavfli, deb eʼtirof etib, ularga eʼtiborli bo‘lish shartligini taʼkidlab kelmoqda.
Unutmaslik kerakki, dunyoda paydo bo‘lgan viruslarning yashash uchun kurashi tabiiy jarayon. Oramizda “menga virus yuqmaydi”, “men o‘tgan yili kasallanganman”, "endi kasal bo‘lmayman", deb yurganlar yangi, kuchli, odam organizmiga moslashgan shtammlarga yo‘liqishi ehtimoli bor.
Yangi shtammlarga qarshi kurashish haqida gapirsak, dunyo olimlari tomonidan yaratilayotgan vaksinalar virus shtammlarining asosida turgan SARS-CoV-2ga qarshi ishlaydi. Virus mutatsiyaga uchragan taqdirda ham, vaksinaning himoyalovchi xususiyati saqlanib qoladi.
Koronavirusning qaysi shtammiga qarshi kurashishdan qatʼi nazar, ommaviy immunitet shakllantirilsa, kasallikni yengib o‘tish mumkin. Biz xastalik qo‘zg‘atuvchisini bilamiz. Uning profilaktikasidan xabardormiz. Eng asosiysi, bizda virusga qarshi asosiy qurol bo‘lgan vaksinalarning bir necha turlari zaxirasi shakllantirilgan. Shunday ekan, aholimizdan birdamlik bilan vaksinatsiya jarayonlariga eʼtiborli bo‘lishni so‘rab qolamiz.







