PsR-test, sertifikat va tibbiy maʼlumotnoma. Turkiyaga kirish tartibi o‘zgartirildi
Yangi tartib 2 hafta avval kuchga kirgan, ammo “Uzbekistan Airways” bu haqda bugun maʼlum qildi.

Turkiya mamlakatga kirib kelayotganlar uchun yangi tartib joriy etdi. Bu haqda “Uzbekistan Airways” xabar berdi.
Endilikda Turkiyaga kirib kelgan 12 yoshgacha bo‘lgan bolalar PSR-test topshirishi shart emas. Avvallari bu kabi tartib 6 yoshgacha bo‘lgan bolalarga joriy qilingan edi.
Bundan tashqari emlash sertifikatiga ega bo‘lmaganlar majburiy 14 kunlik izolyatsiyaga olinadi. Qolgan qoidalar o‘zgarishsiz qolgan: Turkiyaga kirish uchun to‘liq emlanganlik haqida sertifikat yoki so‘nggi 6 oyda koronavirusdan sog‘ayganlik to‘g‘risida tibbiy maʼlumotnoma talab etiladi.
Agarda bu kabi hujjatlar bo‘lmasa, kirib kelayotganlar PSR-test topshirishi kerak. “Sputnik Uzbekistan”ning qayd etishicha, ushbu qoidalar ikki hafta oldin kuchga kirgan, ammo “Uzbekistan Airways” bu haqda bugun maʼlumot berdi.
Bundan avval Hindiston O‘zbekiston fuqarolariga viza berishni tiklagani xabar qilingandi.







