Prezident grantiga 257 nafar talaba da’vogar. DTM bunga izoh berdi
Davlat komissiyasining 7-son bayonida 2021-2022-o‘quv yili uchun 25 ta taʼlim sohasining har biriga 8 tadan kvota ajratilgan. Aslida, bu imtiyoz 200 nafar talabaga berilishi rejalashtirilgandi. Biroq...

Maʼlumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 6 iyuldagi PQ-5172-son qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti granti joriy qilingan.
Mazkur qarorga muvofiq, oliy taʼlim muassasalari bakalavriatining kunduzgi shakli uchun kirish imtihonlari natijalariga ko‘ra, shuningdek, taʼlim sohalari kesimida respublika bo‘yicha eng yuqori ball to‘plagan abituriyentlar Prezident grantiga daʼvogar bo‘ladi. Bunda taʼlim olish tiliga qaralmaydi. Grantga daʼvogarlarning soni jami 200 nafarni tashkil etadi.
Ajratilgan kvotaning taʼlim sohalari bo‘yicha taqsimoti har yili O‘zbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.
Eslatma. Muayyan taʼlim sohasi uchun ajratilgan Prezident granti kvotasi bo‘yicha so‘nggi o‘rinda bir nechta abituriyent to‘g‘ri kelgan va ularning ballari bir xil bo‘lsa, ularning barchasi Prezident grantiga daʼvogarlik qilishadi.
Davlat komissiyasining 7-son bayonida 2021-2022-o‘quv yili uchun 25 ta taʼlim sohasining har biriga 8 tadan kvota ajratilgan.
Taʼkidlash kerak, ayrim sohalarda sakkizinchi va undan keyingi o‘rinlardagi abituriyentlarning to‘plagan ballari bir xil bo‘lganligi sababli jami 257 nafar abituriyent Prezident granti uchun nomzod qilib qolingan.
Taʼlim sohalari kesimida Prezident grantiga daʼvogarlar soni va o‘tish ballari bilan bu yerda tanishishingiz mumkin.
Avvalroq buxorolik o‘quvchi Prezident grantini olishga nomzod bo‘lgani, Prezident grantini olishi mumkin bo‘lganlar ro‘yxati eʼlon qilingani hamda Prezident maktabi bitiruvchilari davlat OTMlariga imtihonsiz grant asosida qabul qilinishi haqida xabar berilgandi.
Olamgir Abdiyev







