Abituriyentlarga oltinchi ta’lim yo‘nalishini tanlash imkoniyati bu yildan joriy etiladimi?
56,7 balldan kam ball to‘plagan abituriyentlar soni ham ma’lum qilindi.

2026/2027-o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarida 56,7 balldan kam natija qayd etgan abituriyentlar soni 233 935 nafarni tashkil etdi. Bu jami abituriyentlarning 37,54 foiziga teng.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ma’lum qilishicha, mazkur ko‘rsatkich avvalgi yillarga nisbatan kamaygan. Xususan, o‘tgan yili 56,7 balldan kam ball to‘plagan abituriyentlar ulushi 41 foizni, undan avvalgi yilda 43 foizni, undan oldingi yilda esa 46 foizni tashkil etgan.
Mas’ullarga ko‘ra, bu ko‘rsatkich abituriyentlarning o‘rtacha kirish ballari hamda bilim darajasi yildan-yilga oshib borayotganini ko‘rsatadi.
Shuningdek, abituriyentlarga oltinchi ta’lim yo‘nalishini tanlash imkoniyati ham berilishi rejalashtirilmoqda. Unga ko‘ra, vakant o‘rinlar mavjud bo‘lgan hamda abituriyentning fanlar majmuasiga mos keladigan ta’lim yo‘nalishlaridan yana birini tanlash imkoniyati ochiladi.
Ushbu imkoniyatni joriy etish kelgusi haftaga rejalashtirilgan.








