Toshkent yana bir anjumanga mezbonlik qiladi
Poytaxtimizda MDH, Boltiqbo‘yi va Gruziya MOQ rahbarlari o‘rtasida mintaqaviy forum bo‘lib o‘tadi.

Unda ushbu mintaqa mamlakatlarining Milliy Olimpiya qo‘mitalari rahbarlari va mutasaddilari ishtirok etadi.
Mazkur forumni o‘tkazishdan maqsad MDH, Boltiqbo‘yi va Gruziya davlatlari o‘rtasida siyosiy, iqtisodiy, madaniy sohalarda olib borilayotgan hamkorlikni sport yo‘nalishida yana-da mustahkamlash, o‘zaro tajriba almashish va birgalikda taraqqiy etishning yangi rejalarini muhokama qilishdan iborat. Mazkur forumda mintaqaning 14 mamlakatidan 34 nafar delegat ishtirok etmoqda. Ular orasida bir nechta MOQ prezidentlari, Bosh kotiblari, yaqin o‘tmishda nufuzli musobaqalar g‘olib va sovrindorlarini ham uchratish mumkin.
Ertaga “Hilton Tashkent City” mehmonxonasida forumning yalpi yig‘ilishlari boshlanadi. Unda mintaqamiz sportini rivojlantirish, yangi strategik rejalar xususida maʼruzalar qilinishi, taklif va mulohazalar bildirilishi kutilmoqda.
Avvalroq gimnastika afsonasi o‘z maktabiga asos solgani va qishki Olimpiya o‘yinlari mashalasi yoqilgani haqida xabar berilgandi.
Jamshidbek Amirov







