Imkoniyati cheklanganlarning yo‘llardagi cheklangan imkoniyatlariga chek qo‘yish zarur
Dunyo tajribasi o‘z yo‘liga. Xo‘sh, bizda mazkur fuqarolarning harakatlanishi, ish faoliyatini olib borishi uchun qanday sharoitlar yaratilmoqda?

Dunyoning qaysi nuqtasida bo‘lmasin nogironligi bor, imkoniyati cheklangan insonlar to‘siqlarsiz harakatlanishga muhtoj. Transport vositalari, yo‘l infratuzilmasi, har qanday obyekt nogironligi bo‘lgan shaxslarning ehtiyojlariga mos bo‘lishi shart. Qurilishi boshlangan bino yoki muassasa, albatta, bu turdagi fuqarolarning talablarini inobatga olishi kerak.
Bu masalaga yechim topish esa, shubhasiz, hukumatning asosiy vazifalaridan bo‘lmog‘i lozim. Endi arqonni bo‘sh emas, tarang qilib tortadigan vaqt keldi.
Jahon amaliyotiga qaraydigan bo‘lsak, agar nogironligi bor yoki imkoniyati cheklangan fuqarolarga sharoit yaratilmagan. Harakatlanishiga yengillik bermagan obyekt quriladigan bo‘lsa, u ekspertizadan o‘tkazilmaydi.
Misol uchun, Amerikada shahar infratuzilmasi imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun moslashtirilgan. Yaʼni barcha davlat muassasalari — kasalxonalar, kutubxonalar, davlat idoralari, taʼlim muassasalari, shuningdek, ko‘chalar, yo‘laklar, jamoat hojatxonalari, bolalar maydonchalari, istirohat bog‘lari nogironligi bor odamlar o‘zlarini noqulay his etmasligi, erkin yashashi va harakatlanishi uchun yetarlicha jihozlangan. Yer osti metrosidan foydalanish esa uchun maxsus liftlar o‘rnatilgan.
Yoki Fransiyani olaylik. Bunda davlat qonunchiligi barcha qurilish kompaniyalarini nogironlar uchun qulay muhit yaratadigan tarzda turar-joy va jamoat inshootlarini qurishga majbur qiladi. Mamlakatdagi aksariyat shaharlarda barcha avtobus va tramvaylar past eshikka ega.
Dunyo tajribasi o‘z yo‘liga. Xo‘sh, bizda mazkur fuqarolarning harakatlanishi, ish faoliyatini olib borishi uchun qanday sharoitlar yaratilmoqda?
Maʼlumotlarga ko‘ra, mamlakatimizda 760 mindan ziyod nogironligi bor shaxslar istiqomat qiladi. Ularning baʼzilari ishlashi, xizmat faoliyatidan foydalanishi qanchalik hisobga olingan?
Mamlakatimiz Parlamenti aʼzolarining fikricha, hali yurtimizda imkoniyati cheklangan fuqarolarning to‘siqlarsiz harakatklanishi uchun yetarlicha shart-sharoitlar yaratilmagan.
- Biz bu toifadagi fuqarolarimiz oldida qarzdormiz. Chekka bir tumanda yoki qishloqdagi 4-5 qavatli binoni borib ko‘rsangiz, ularning aksariyatida imkoniyati cheklangan shaxslar, yaʼni nogironlik aravachasida yuradigan fuqarolar uchun sharoit yaratilmagan. Ming afsuski, bugungi kunda respublika bo‘yicha mavjud ko‘p qavatli uylarning atigi 10 foizi lift bilan taʼminlangan. O‘z-o‘zidan ko‘rinib turibdiki, qonunda, hujjatlarda qo‘ygan talabni biz hali to‘laqonli amalga oshirganimiz yo‘q, – dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi raisi Mavluda Xo‘jayeva.
O‘zbekiston Nogironlar assotsiatsiyasi raisi Oybek Po‘latovning aytishicha, viloyatlar uyoqda tursin, hatto, poytaxtdagi ko‘plab muassasalarda imkoniyati cheklanganlarning to‘siqsiz harakatlanishi uchun sharoit yo‘q.
Qayd etilishicha, nogironligi bor, imkoniyati cheklangan fuqarolarning huquqlarini kompleks taʼminlash bo‘yicha 200 dan ortiq normativ hujjatlar qabul qilingan.
- Hujjatlarda shaharlar yoki boshqa hududlarda aholi punktlarini nogironligi bo‘lgan shaxslarga moslashtirmasdan qurishga yo‘l qo‘yilmaydi, deb alohida belgilab qo‘yilgan. Demak, bu - qurilish loyihasi belgilangan talabga javob bermasa, 100 foiz ekspertizadan o‘tkazilmasligi kerak degani. Endi bu nafaqat qog‘ozda, balki amaliyotda ham bo‘lishi lozim, - deya taʼkidlaydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi aʼzosi Firdavs Sharipov.
Qurilish sohasi, fuqarolarga xizmat ko‘ratishga moslanayotgan muassasalar jahon tajribasiga emas, balki aholining barcha qatlamiga qarab chora-tadbir ko‘rishi zarur.
Olamgir Abdiyev







