Shaffof test sinovlarini o‘tkazish bo‘yicha zamonaviy loyiha ishga tushirilmoqda
Ushbu loyiha doirasining ilk bosqichida jami 5 ta zamonaviy test markazlari ishga tushiriladi.

Taʼlim muassasalarida faoliyat olib borayotgan rahbar va pedagog xodimlarni fan yo‘nalishlari hamda tegishli mutaxassisliklari bo‘yicha bilim darajalarini va malaka toifasini aniqlash maqsadida zamonaviy test markazlarini tashkil etish tizimi joriy qilinmoqda.
Shu yo‘nalishda Xalq taʼlimi vazirligi, A.Avloniy nomidagi Xalq taʼlimi muammolarini o‘rganish va istiqbollarini belgilash ilmiy-tadqiqot instituti hamda O‘qituvchilar uyushmasi huzuridagi Bilim va ko‘nikmalarni baholash markazi o‘rtasida davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida loyiha amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, testlar sunʼiy intellekt yordamida inson yuz qismini tanish texnologiyalari bilan jihozlangan va onlayn monitoring olib boriladigan test markazlarida amalga oshiriladi. Bu borada inson omili maksimal kamaytiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Davlat xizmatlari sifatini baholaydigan yangi portal ishga tushgani hamda "Onlayn maktab' darslari uchun alohida telekanallar ajratilgani haqida xabar berilgandi.
Cho‘lponoy Ahmedova







