Toshkent aeroportida 200 ga yaqin yo‘lovchi Istanbulga ucha olmadi
“Uzbekistan Airports” kompaniyasi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Toshkent aeroportida odamlar to‘plangani aks etgan video yuzasidan izoh berdi.

Kompaniya xabariga ko‘ra, 3-noyabr kuni “Uzbekistan Airways” reysi bilan Toshkent — Istanbul yo‘nalishi bo‘yicha uchmoqchi bo‘lgan 200 ga yaqin kishi aeroportga kelgan. Biroq bu reys jadvalda bo‘lmagan. Yo‘lovchilar chiptalarni “Asia Luxe Travel” sayyohlik kompaniyasi orqali sotib olishganini aytishgan.
“Uzbekistan Airways” vakillari sayyohlik kompaniyasi aviachiptalar savdosini aviakompaniya bilan slotni (aeroportdagi parvoz uchun ajratilgan vaqt) kelishmagan holda tashkil qilganini maʼlum qilgan.
Sayyohlik kompaniyasi yo‘lovchilarga suv tarqatgan va ularni mehmonxonaga jo‘natish uchun transport tashkil qilgan. Taʼkidlanishicha, odamlar terminal binosini tark etishdan bosh tortishgan.
Taʼkidlashicha, O‘zbekiston Transport vazirligi tashabbusi bilan zaxira havo kemasi ajratilib, barcha yo‘lovchilar ro‘yxatga olingan. Samolyot kechaning o‘zidayoq mahalliy vaqt bilan soat 20:30 da Istanbulga uchib ketgan.
Avvalroq Islomoboddan Londonga uchayotgan samolyot yo‘lovchi ayolning o‘limi tufayli Toshkentga favqulodda qo‘ngani hamda u o‘z yo‘lovchilarini olib ketgani haqida xabar berilgandi.
Bahriniso Madumarova







