Ro‘ziqul Berdiyev: “Bor eʼtiborimizni oldimizda turgan hal qiluvchi bahsga qaratamiz”
Qarshi shahrining “Nasaf” klubi bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev OFK Kubogi finali oldidan tashkil etilgan matbuot anjumanida jamoaning o‘yinga tayyorgarligi haqida gapirdi:

“Bizni final kutyapti. Ikkala jamoa ham bunga osonlikcha yetib kelgani yo‘q. Shu bois har ikki jamoa ham maydonda bor imkoniyatini ishga solishga harakat qiladi.
Raqib jamoani obdon o‘rgandik. Shakllangan jamoa. Tarkibida mahoratli futbolchilari ko‘p. Ancha tartibli o‘ynaydi. Yigitlarimizga raqib to‘g‘risida to‘liq maʼlumot berishga harakat qildik. Issiq ob-havo biroz qiyinchilik tug‘dirishi mumkin, lekin bu bahona bo‘la olmaydi. Biz har qanday qiyinchilikka chidashimiz, yaxshi o‘yin ko‘rsatib final uchrashuvida, albatta, g‘alaba qozonishimiz kerak.
To‘g‘ri, musobaqa to‘purari, assistlar yetakchilari, ko‘p gol urganlar bo‘yicha raqam va statistika bizning tarafda. Lekin ularning barini unutib, bor eʼtiborimizni oldimizda turgan hal qiluvchi bahsga qaratamiz”.
Eslatib o‘tamiz, “Nasaf” – “Al Muharraq” o‘rtasidagi final o‘yini bugun Toshkent vaqti bilan 21:00da bo‘lib o‘tadi.
Avvalroq “Nasaf” OFK Kubogi finaliga yo‘l olgani haqida xabar berilgandi.
Jamshidbek Amirov







