Ro‘ziqul Berdiyev: "Jamoamiz ancha yosh, yigitlarning katta finallarda o‘ynash tajribasi yo‘q"
"OFK Kubogi-2021" final o‘yinidan so‘ng matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda “Nasaf” bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev ishtirok etdi va o‘z fikrlarni bildirdi.

— Raqibni g‘alaba bilan tabriklaymiz. U bugun haqli g‘alabaga erishdi — dedi u. — Birinchi tezkor gol va ikkinchi o‘tkazib yuborilgan gol o‘yin taqdirini hal qildi. Ikkinchi golda jiddiy xatoga yo‘l qo‘ydik. Futbolchilarimizga issiq ham ancha taʼsir qildi. Qolaversa, raqib jamoani muxlislar muntazam qo‘llab-quvvatlab turdi. Bu ham ularning g‘alabasida muhim omil bo‘ldi. Ikkinchi golga qadar biz ham hujum tashkil qilayotgan edik. Lekin goldan keyin hujumni to‘xtatdik.
Jamoamiz ancha yosh, yigitlarning bu kabi katta finallarda o‘ynash tajribasi yo‘q. O‘yinni nazorat qilishga urindik, lekin yakunda mag‘lub bo‘ldik. Yigitlarimizga ko‘rsatgan o‘yinlari uchun minnatdorchilik bildiraman.
Eslatib o‘tamiz, OFK Kubogi final uchrashuvida “Al Muharraq” jamoasi “Nasaf" klubini 3:0 hisobida mag‘lub etdi.







