MDH bosh vazirlarining navbatdagi uchrashuvi haqida maʼlumot berildi
U onlayn formatda o‘tkaziladi.

12-noyabr kuni MDHga aʼzo davlatlar hukumat rahbarlari uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Maʼlum bo‘lishicha, uchrashuv onlayn formatda o‘tkaziladi. Hukumat rahbarlari MDHda iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha fikr almashadi. Shu bilan birga uran ishlab chiqarish taʼsir qilgan hududlar rekultivatsiyasi hamda temiryo‘l transporti rivojlanishi masalalari muhokama qilinadi. Shuningdek, Hukumat rahbarlari kengashi qoshidagi baynalmilal-jangchilar qo‘mitasi raisini tayinlash hamda ushbu formatdagi keyingi uchrashuv sanasi va joyini belgilash rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, mualliflik va axborot-texnologiyalari tarmog‘ida hammualliflik huquqi masalalarida birgalikda harakat qilishni tartibga soluvchi hujjatlar imzolanishi kutilmoqda.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev MDH doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yana-da kengaytirish tashabbusini ilgari surgani haqida xabar qilingandi.
Jahongir Qo'ziyev







