"Prezident kubogi" xalqaro turniri qizg‘in tus olmoqda
Ushbu musobaqada dunyoning 9 ta davlatidan jami 104 nafar mohir shaxmatchilar dona surmoqda.

11-noyabr kuni poytaxtimizda shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun xalqaro turnirga start berilgandi.
"Prezident kubogi" xalqaro turnirida 27 nafar grossmeyster, 16 nafar xalqaro master, ko‘plab FIDE ustasi hamda sport ustalari ishtirok etishmoqda.
6-tur o‘yinlaridan keyin musobaqada 4 nafar peshqadam ajralib chiqdi. Eʼtiborli jihati, ulardan ikki nafari hamyurtlarimizdir.
Jumladan, hamyurtimiz Shamsiddin Vohidov oq donalarda ukrainalik Aleksandr Moisenko ustidan g‘alabaga erishdi va o‘z ochkolari sonini 5 taga yetkazib, peshqadamlar safidan joy oldi. Nodirbek Yoqubboyev esa qora donalarda boshqa bir ukrain shaxmatchisi Vitaliy Sivukni mag‘lub etdi va u ham 5 ochko bilan peshqadamlar kvartetiga qo‘shildi.
Rossiyalik xalqaro grossmeyster Sanan Syugirov esa 6-turda AQSH sharafini himoya qilayotgan shaxmatchi Timur Gareyevni dog‘da qoldirib, qo‘shimcha koeffitsiyentlarga ko‘ra peshqadamlikni o‘z qo‘liga oldi. Shuningdek, ukrainalik Vitaliy Bernadskiy ham 6-turda amerikalik Xans Niyemann ustidan g‘alabaga qozonib, o‘z ochkolari sonini 5 taga yetkazib oldi.
Hamyurtimiz, xalqaro grossmeyster Javohir Sindarov rossiyalik Maksim Matlakov bilan durangga erishgan bo‘lsa, hamyurtlarimiz orasida eng yuqori reytingga ega shaxmatchi Nodirbek Abdusattorov FIDE ustasi, hamyurtimiz Muhiddin Madaminovni dog‘da qoldirdi. Ushbu natijalardan keyin Sindarov va Abdusattorovlar hisobidagi ochkolar soni 4,5 taga yetdi va ular peshqadamlarni taʼqib etishmoqda.
Eslatib o‘tamiz, "Prezident kubogi" xalqaro turnirining umumiy sovrin jamg‘armasi 120 000 AQSH dollarini tashkil etadi va bu mamlakatimiz shaxmati tarixida eng yuqori sovrin jamg‘armasiga ega turnir sifatida tarixga kirdi.
Avvalroq Toshkentda sovrin jamg‘armasi 120 ming dollarlik turnir o‘tkazilishi haqida xabar berilgandi.
Jamshidbek Amirov







