Argentinada futbolchi otib o‘ldirildi
"Barrakas" markaziy jamoasida motam eʼlon qilinib, o‘yinlar va mashg‘ulotlar bekor qilingan.

Argentinada politsiya "Barrakas Sentral" jamoasining 17 yoshli futbolchisi Lukas Gonsalesni otib o‘ldirdi. Bu haqda “Marca” xabar berdi.
Voqea Barrakas hududida sodir bo‘lgan. Lukas Gonsales va uning do‘stlari mashinada ketayotgan vaqtida huquq-tartibot idoralari xodimlari chorrahalardan birida ularni to‘xtatmoqchi bo‘lgan. Biroq yigitlar to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmay politsiya mashinasini urib o‘tib ketgan. Bunga javoban politsiyachilar mashinaga qarata o‘q otgan.
Ayni vaqtda "Barrakas Sentral" futbol klubi tergov xulosasidan norozi. Ular voqeani adolatli o‘rganishni talab qilmoqda.
Avvalroq Afg‘oniston futbol terma jamoasi aʼzosi Zaki Anvari Amerikaning Kobuldan uchib ketayotgan S-17A harbiy samolyotiga chiqmoqchi bo‘lib vafot etgani hamda Bavariya klubi himoyachisi Lukas Ernandes qamoq jazosiga hukm qilingani haqida xabar berilgandi.
Munojat Valiyeva







