Yoshlar o‘rtasida 2025-yilgi Paraosiyo o‘yinlari Toshkent shahrida o‘tkaziladi
Shu paytgacha hech qaysi davlatda yoshlar o‘rtasidagi Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari ketma-ket o‘tkazilmagan

Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov maʼlum qildi.
"Hurmatli Prezidentimiz tomonidan olimpiya va paralimpiya harakatiga alohida eʼtibor qaratilib, zarur infratuzilma tashkil etilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2021-yil 18-maydagi “Paralimpiya harakatini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu sohaga keng yo‘l ochdi.
Toshkent shahri yaqinida Olimpiya shaharchasi qurilayotgani, u yerda 2025-yilda yoshlar o‘rtasida IV Osiyo o‘yinlari o‘tkazilishidan xalqimiz yaxshi xabardor.
Endi yana bir xushxabar: yoshlar o‘rtasida 2025-yilgi Paraosiyo o‘yinlari ham Toshkent shahrida o‘tkaziladigan bo‘ldi. Bu haqda Osiyo Paralimpiya qo‘mitasi prezidenti Majid Rashid maʼlum qilgan.
Bu musobaqani qabul qilish uchun qitʼamizning bir qator yetakchi davlatlari daʼvogarlik qilishgan edi. Yakunda Osiyo Paralimpiya qo‘mitasi Toshkent shahri nomzodini qo‘llab-quvvatladi", — deyiladi xabarda.







