Oila mavzusiga jiddiy yondashuv zarur
2021 yil 25 noyabr kuni O‘zEOAVMA Bosh direksiyasi va Ekspertlar kengashining qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda O‘zEOAVMAga aʼzo tele va radio kanallar rahbarlari, bosh muharrirlari, ijodiy xodimlari, O‘zEOAVMA Ekspertlar kengashi aʼzolari, Toshkent shahri “Nuroniy” jamg‘armasi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi masʼul xodimlari ishtirok etishdi.
Kun tartibidan O‘zEOAVMAga aʼzo tele va radio kanallarning media mahsulotlar tayyorlashda maʼnaviy-maʼrifiy tarbiyani yana-da kuchaytirish, oila qadriyatlarini, xalq anʼanalarini ko‘rsatuvlar mazmuniga chuqur singdirish, ayniqsa, mahallarada olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning mazmun mohiyatini ochib berish singari masalalar o‘rin oldi.

Yig‘ilishda Prezidentimiz tashabbusi bilan maʼnaviy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, mahallalarga berilayotgan yuksak eʼtiborni bir qator informatsion va ijtimoiy loyihalarda yoritib kelayotganligini taʼkidlandi.
Shu bilan birga bu borada tele va radio kanallarda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar, mavjud muammolar aytilib, bu borada badiiy kengashlar faoliyatini tubdan kuchaytirish, masʼul xodimlarning malaka va masʼuliyatini oshirish borasida o‘z takliflarini bildirishdi.
Yig‘ilishda so‘zga chiqqan Oliy Majlis Senati aʼzosi, Toshkent shahar “Nuroniy” jamg‘armasi kengashi raisi R.Kalonov, bugungi kunda aholining katta qismi telekanallardan axborot olayotganligini, ayniqsa nodavlat telekanallarni tomosha qilayotganligini eʼtirof etdi. Shu bilan birga oilaviy munosabatlar va maishiy mavzulardagi ayrim ko‘rsatuvlarda xalqimiz qadriyatlariga va urf-odatlariga u qadar mos bo‘lmagan holatlar aks etayotganligini taʼkidlab, bu borada oilalar mustahkamligi, ajralishlarni oldini, farzand tarbiyasida ota-onalarning masʼuliyatini kuchaytirish singari mavzularga eʼtibor qaratish lozimligini taʼkidladi.

“Sevimli TV” Bosh muharriri Q.Saydaliyev oilaviy munosabatlar haqida tayyorlanayotgan ko‘rsatuvlar jamoatchilik va mutasaddi vazirli va idoralar masʼullarini ko‘proq jalb etishi, xususan, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish zarurligi xususida o‘z fikrlarini bildirdi. “ZO‘R TV” Bosh muharriri F.Yusupova keyingi paytda “Yor-yor” ko‘rsatuvining ijtimoiy mazmunini ko‘chaytirish bo‘yicha bir qator choralar ko‘rilayotganligini, mamlakatimiz jamoatchiligi va tomoshabinlar bildirayotgan taklif va tavsiyalar albatta inobatga olinishini aytib o‘tdi.
Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi masʼul xodimi T.Kadirova o‘z so‘zida vazirlik oila va mahalla mavzusidagi ko‘rsatuvlarda vazirlik ekspertlari va mutaxassislari hamda mavjud maʼlumotlari bilan ishtirok etishga tayyor ekanligini bildirib, O‘zEOAVMAga aʼzo barcha teleradiokanallar bilan hamkorlikda yangi loyihalar yaratishga kelishib olinganligini taʼkidladi.







