Rossiyada o‘zbekistonlik migrantlar va “Konstanta” MCHJ rahbariyati o‘rtasida ziddiyatlar yuzaga keldi
O‘zbekistondan ishchi guruh Rossiyaning Vyazma shahriga yetib keldi.

Bundan bir necha kun avval Ijtimoiy tarmoq orqali Rossiya Federatsiyasining Smolensk viloyati Vyazma shahrida joylashgan “Konstanta” MCHJda ishlayotgan yurtdoshlarimiz murojaat bilan chiqishgan edi. Murojaatda ish beruvchi tomonidan ularning pasportlari olib qo‘yilgani, uch oydan buyon patent rasmiylashtirilmayotgani va oylik maoshlari kechiktirilayotganini maʼlum qilishgan.
Vaziyatga oydinlik kiritish va aniqlangan muammolarni ish beruvchi bilan bartaraf etish uchun Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi rahbariyatidan iborat ishchi guruh Vyazma shahriga yetib bordi.
Ishchi guruh fuqarolar bilan uchrashib, ularning muammo va takliflarini o‘rganish maqsadida muloqot o‘tkazdi.
Ish beruvchi tashkilot rahbari bilan tashkil etilgan muzokarada fuqarolar tomonidan bildirilgan eʼtirozlar, xususan, pasportlarining olib qo‘yilishi, patentlarning o‘z vaqtida rasmiylashtirilmagani va maoshlarining kechiktirilgani kabilarning sabablari hamda ularning yechimini topish masalalari muhokama qilindi.
“Konstanta” MCHJda ishlayotgan o‘zbekistonlik mehnat migrantlari murojaatini o‘rganish ishlari davom etmoqda.
Avvalroq mehnat migrantlarining Rossiyaga kirishini soddalashtirilishi hamda migrantlarga maxsus chipli plastik kartalar tarqatilishi haqida xabar berilgandi.
Munojat Valiyeva







