Sirdaryo hokimi 9 tuman va shahar rahbarilariga jiddiy ogohlantirish berdi
Mazkur vaziyat ijro intizomi masalalariga bag‘ishlangan boshqaruv apparati yig‘ilishida eʼlon qilindi.

Bu haqda “Sirdaryo xabarlari” Telegram kanali xabar berdi.
Qayd etilishicha, Sirdaryo viloyati hokimi G‘ofurjon Mirzayev raisligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda shahar va tuman hokimlarining ish tartibi va ularning faoliyatini nazorat qilish masalalari ko‘rib chiqildi.
Jumladan, Guliston shahar hokimi To‘lqinjon Dadabayev, Shirin shahar hokimi Sarvar Sultonov, Yangiyer shahar hokimi Ilyor Xo‘jayev ish faoliyatidagi kamchiliklari borligi uchun ogohlantirilgan.
Shuningdek, Boyovut tumani hokimi Dilfuza Uralova, Sardoba tumani hokimi Abduazim Xidirov, Oqoltin tumani hokimi Dilmurod Fazilov, Mirzaobod tumani hokimi Jonibek Yariyev, Sayxunobod tumani hokimi Farrux O‘ktamjonov va Sirdaryo tumani hokimi Botirjon Mirzaqulov murojaatlar bilan ishlashda yo‘l qo‘ygan kamchiliklari va “ishonch telefonlari” ish faoliyatini yo‘lga qo‘ymaganliklari sababli qatʼiy tartibda muhokama qilingan.
Maʼlumot uchun: joriy yilning avgust oyida ham Sirdaryo viloyatida 7 ta tuman-shahar hokimiga, bitta tashkilot va bitta boshqarma boshliqlariga nisbatan hayfsan intizomiy jazo chorasini qo‘llanilgandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qashqadaryo viloyati hokimining qarori bilan ishda yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun Qarshi tumani hokimi Maqsuda Mustafoyeva hayfsan intizomiy jazosini olgani hamda Prezidentning farmoni bilan Navoiy viloyati hokimi Qobul Tursunov lavozimidan ozod etilgani haqida xabar berilgandi.
Cho‘lponoy Ahmedova







