Bir qator davlat fuqarolari O‘zbekiston hududiga kirishda o‘n kunlik karantinga olinadi
Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan yangi tartib va cheklovlar belgilandi.

Unga ko‘ra, endilikda xorijiy davlatlardan O‘zbekiston Respublikasiga tashrif buyuruvchilar uchun ayrim qatʼiy talablar qo‘yildi.
— tashrif buyurishidan kamida 72 soat oldin topshirilgan koronavirus infeksiyasiga PZR test natijasi bo‘yicha manfiy ko‘rsatkichga ega maʼlumotnomaga ega bo‘lishlari lozimligi;
— koronavirus infeksiyasiga PZR test natijasi bo‘yicha manfiy ko‘rsatkichga ega maʼlumoti mavjud bo‘lmaganda, aeroport, temir yo‘l vokzallari va chegara o‘tkazish punktlarida tashkil etilgan koronavirus infeksiyasiga ekspress test topshirishlari shartligi belgilandi.
Bundan tashqari, Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan Avstraliya, Avstriya, Belgiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Daniya, Isroil, Italiya, Niderlandiya, Chexiya va Misr davlatlari hududidan O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirib keluvchi yo‘lovchilar keltirib o‘tilgan talablar bajarilgandan so‘ng o‘sha kundan boshlab, 10 kun davomida majburiy uy karantini yoki o‘z hisobidan mehmonxona karantiniga joylashtiriladi.
Maʼlumot uchun: COVID - 2019 ning yangi shtammi “Omicron” tarqalishi sabab, bir qancha davlatlar o‘z chegaralarini yopmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq koronavirusning yangi “AY.4.2” shtammi aniqlangani haqida xabar berilgandi.
Cho‘lponoy Ahmedova







