Turin politexnika universitetida bo‘lgan fojia yuzasidan qo‘shimcha ma'lumot berildi
Mazkur voqeaga asosiy sabab nima ekanligi ochiqlandi.

Bundan avval Toshkentda 18 yoshli yigit Turin politexnika universiteti talabasini urib o‘ldirgani haqida xabar berilgandi.
Maʼlum bo‘lishicha, jinoyatni sodir etgan yigit andijonlik birinchi bosqich talabasi bo‘lgan. U marhum talabani o‘ldirmoqchi bo‘lmagani, balki haqoratga javoban uning yuziga zarba berganini bildirib o‘tgan.
Huquq-tartibot idorasining rasmiy xabariga ko‘ra, 25 noyabr kuni taxminan soat 12:30 larda Turin politexnika universiteti hovlisida 1-bosqich talabalari S. va M. uchrashib, shaxsiy muammolarini hal qilishgan. Bahs yaxshilik bilan tugagan. Keyinroq, ularning shu kursda o‘qiydigan kursdoshi voqea nima bilan tugagani so‘ragan. Ammo, jabrlanuvchi Sh. aralashmang deb, unga qarshi chiqqan. Shu payt Samandarning do‘sti A. kelib Sh.ning yuziga musht urib, yerga yiqitgan. Natijada, Sh. voqea joyida vafot etganligi aniqlangan.
Ekspertizaning dastlabki xulosalariga ko‘ra, Sh.ning o‘limiga bosh miya yopiq jarohati, miyaga qon quyilishi va miya to‘qimalarining shikastlanishi sabab bo‘lgan.
Jinoyatni sodir etgan A.R o‘z harakatlarini quyidagicha izohlaydi:
"Biz Turin politexnika universitetiga bordik. U yerdagi yigitlar janjallashishayotgandi. Men ularning oldiga bordim va o‘sha paytda men tanimagan bir yigit baqirdi va meni qattiq haqorat qildi. Keyin, uning yuziga mushtim bilan urdim. Mening zarbamdan odam o‘lishini tasavvur ham qilolmagandim. Tengdoshlarimga aytmoqchiman,xatolarimni hech qachon takrorlamang. Qilgan jinoyatim uchun qamalishim mumkin. Marhum o‘quvchining ota-onasidan meni kechirishlarini so‘rayman, qilgan ishimdan juda afsusdaman”.
Mazkur holat yuzasidan A.ga nisbatan JK.ning 104-moddasi uchinchi qismi “d” bandi (badanga qasddan og‘ir shikast etkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijon tibbiyot insitituti magistiri shifokorlar bayrami kuni avtohalokatda vafot etgani hamda Sirdaryoda bir guruh shaxslarning mushtlashuviga nima sabab bo‘lgani haqida xabar berilgandi.
Cho‘lponoy Ahmedova







