Buxoroda kurash boʻyicha Oʻzbekiston kubogi musobaqalari boshlandi
O‘zbekiston kubogi g‘oliblari ertaga maʼlum bo‘ladi.

Bugun Buxoro Olimpiya zaxiralari kollejida milliy kurash bo‘yicha erkaklar va ayollar jamoalari o‘rtasida O‘zbekiston kubogiga start berildi. Bu haqda Turizm va sport vazirligi axborot xizmati rahbari Lola Rahmonboyeva Zamon.uz‘ga xabar berdi.
Musobaqada yurtimizning barcha viloyatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahridan kelgan 300 ga yaqin polvonlar g‘oliblik uchun bellashmoqda.
Taʼkidlanishicha, jamoaviy bellashuvlarda har bir jamoa tarkibida 9 nafar (5 nafar erkak, 4 nafar ayol) kurashchi joy olgan. Musobaqada erkaklar -60 kg, -66 kg, -73 kg, -90 kg va 90 kgdan yuqori vazn toifalarida kurash olib borsa, xotin-qizlar -57 kg, -63 kg, -70 kg va 70 kgdan yuqori vazn toifalarida gilamga tushishadi.
Maʼlumot uchun: bu safar O‘zbekiston kubogi bellashuvlarida yakkalik bahslari ham tashkil etiladi.
Eslatib o‘tamiz, musobaqaning ochilish marosimida Bosh prokuratura, Buxoro viloyati turizm va sport bosh boshqarmasi hamda O‘zbekiston kurash federatsiyasi mutasaddilari ishtirok etishdi.
Avvalroq OTM talabalari “Turizm va sport vaziri kubogi” uchun bellashgani hamda “Barkamol avlod-2021” respublika final bosqichining ilk musobaqasi start olgani haqida xabar berilgandi.







